Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston JBT va Shveysariya iqtisodiy hamkorlik tashkilotining global Dasturida faol qatnashmoqda
11:45 / 2025-06-28

Bryusselda Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonovning Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Yan Sonders bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Alohida ta’kidlash joizki, 186 ta davlatdan delegatsiyalar ishtirok etayotgan mazkur sessiyada Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, faqatgina o‘nga yaqin davlat bojxona xizmati rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkaza oladi.

Mazkur davlatlar qatorida O‘zbekistonning ham borligi bojxona sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tashkilotning doimiy diqqat-markazida turganini anglatadi.  

O‘zbekiston Jahon bojxona tashkiloti va Shveysariya iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Savdoni qo‘llab-quvvatlash global Dasturida faol qatnashmoqda.  

Dasturning 2024-2027 yillarga mo‘ljallangan ikkinchi bosqichi  transchegaraviy savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish, savdo xarajatlarini kamaytirish, bojxona rasmiylashtiruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni nazarda tutadi.  

Shuningdek, Jahon bojxona tashkiloti va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining qo‘shma loyihalari doirasida xavflarni boshqarish va tovarlarni chiqarish vaqti tadqiqoti bo‘yicha 10 ga yaqin seminarlarda Bojxona qo‘mitasi xodimlari faol ishtirok etishdi.

Bojxona qo‘mitasi xodimi Sh.Niyazovning JBT xalqaro eksperti maqomini qo‘lga kiritgani o‘zaro hamkorlikning amaliy natijasi sifatida e’tirof etildi.

Qo‘mita raisi kelgusi yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon bojxona tashkilotining kinologiya bo‘yicha global forumini O‘zbekistonda o‘tkazish hamda “Aqlli bojxona” konsepsiyasi doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish takliflarini ilgari surdi.  

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikning istiqboldagi qator yo‘nalishlarini belgilab olishdi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA