Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Janubiy Koreya: sog‘liqni saqlash sohasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yil sayin kengaymoqda
15:44 / 2023-09-11

Janubiy Koreya – sog‘liqni saqlash sohasida dunyoning peshqadam davlatlaridan. Mamlakat tibbiyot bo‘yicha AQSH, Shveysariya, Germaniya, Yaponiya kabi eng ilg‘or davlatlar bilan raqobatlashadigan darajaga yetdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 83,5 yoshga teng. Olimlar 2030 yilga borib, ushbu ko‘rsatkich ayollar o‘rtasida 90 yoshga yetishini prognoz qilmoqda. 60 yil muqaddam mazkur raqamlar bor yo‘g‘i 53 yoshni tashkil etgani inobatga olinsa, Koreyada tibbiy xizmatlar sifati yil sayin jadal o‘sib borayotgani yanada oydinlashadi. Bu, avvalo, mamlakatda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, diagnostika va davolash jarayonlariga tatbiq etilayotgan innovatsion texnologiya hamda ilg‘or yondashuvlar bilan bog‘liq.    

Shu bois, ushbu davlat bilan sog‘liqni saqlash sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 16-18 dekabr kunlari Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida ikki mamlakat rahbarlari huzurida sog‘liqni saqlash sohasida hukumatlararo bitim imzolangani soha rivojida muhim bosqich bo‘ldi. Ushbu hujjatga muvofiq, tibbiyot yo‘nalishidagi o‘zaro munosabatlar yanada yuqori bosqichga ko‘tarilayotir. Quvonarlisi, hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish uchun har ikki tomonda imkoniyat va salohiyat yetarli. 

Yurtimizda Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etilgan Bolalar milliy tibbiyot markazi, Buxoroda faoliyat olib borayotgan “HIMCHAN” klinikasi ikki tomonlama hamkorlikning yorqin namunasidir.    

Janubiy Koreyaning Eksimbanki bilan birgalikda poytaxtimizda kattalar uchun mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli klinika, Milliy onkologiya markazi va Koreya universitetlari ishtirokida tibbiyot oliy o‘quv yurti bunyod etish loyihalari sog‘liqni saqlash sohasidagi munosabatlarni izchil rivojlantirish imkonini beradi. Binobarin, mamlakatimiz hududlarida joylashgan sog‘liqni saqlash muassasalarini Janubiy Koreya mablag‘lari hisobidan so‘nggi rusumdagi tibbiy jihoz va texnologiyalar bilan ta’minlashga doir loyihalardan kutilayotgan natijalar ham katta.  

Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) O‘zbekiston tibbiyotidagi transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga yaqindan ko‘mak bermoqda. Bundan tashqari yurtimizda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, biotexnologiya laboratoriyalarni tashkil etish, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga qaratilgan istiqbolli kelishuvlar mavjud.   

Koreya universiteti bilan Toshkent tibbiyot akademiyasida sog‘liqni saqlash sohasida ta’limni takomillashtirishga oid xalqaro ilmiy grant doirasida hamkorlik qilib kelinyapti. Shu asosda akademiyada atrof-muhit va inson salomatligi kafedrasi hamda zamonaviy ilmiy markaz tashkil etilib, ilg‘or laboratoriya asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Har ikki loyiha atrof-muhitdagi zararli va xavfli moddalarni o‘rganib, ularning aholi salomatligiga ta’sirini baholashga qaratilgan. Shuningdek, boshqa oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalar mustahkamlanyapti. O‘z navbatida Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida Toshkent tibbiyot akademiyasining rasmiy vakolatxonasi ochilgan.    

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ayni kunlarda O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi tarkibida Janubiy Koreyada xizmat safarida bo‘lib turgan sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ushbu soha bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. 

O‘zbekiston – Koreya biznes forumi va uning doirasidagi uchrashuvlarda tibbiyotimiz vakillarining Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vazirligi mas’ullari, Koreya Eksimbanki, KOICA va qator tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rahbariyati bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.    

 

M.Qosimova,  

O‘zA