Koreya Respublikasining Bueo shahri hokimi Park Jong Xyon boshchiligidagi delegatsiya Namangan shahrida bo‘lib turibdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Ma’rifat markazida mehmonlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
- Bugungi uchrashuv ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda viloyatda 25 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Viloyatda ta’lim sohasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birgalikda ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Namangan shahrida Koreyalik dasturchilar va IT mutaxassislari bilan birga yangi “IT School” o‘z faoliyatini boshlagan. Zamonaviy laboratoriya tashkil etish, qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini Janubiy Koreya tajribasini mutaxassislarga o‘rgatish, malakasini oshirish hamda ishga jalb etish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarimiz yanada kengayadi, - dedi viloyat rahbari.
[gallery-12204]
Bueo hokimi Park Jong Xyon esa o‘z so‘zida kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish va smart farm loyihasini amalga oshirish, IT, turizm sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish davri kelganligini ta’kidladi.
Har ikki hudud mutaxassislarining taqdimotlaridan so‘ng, turli sohalarda hamkorlikni ko‘zda tutuvchi memorandum imzolandi.
Shuningdek, tashrif kun tartibidan sanoat korxonalari, qishloq xo‘jaligi ob’ektlari bilan tanishish, Namangan shahrida “62-Xalqaro gullar festivali” doirasida tashkil etilgan Gullar kompozitsiyalarini tomosha qilish o‘rin olgan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA