Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston jannatmakon diyor, tinchliksevar va mehmondo‘st insonlar yurti
19:52 / 2024-09-06

Joriy yilning 26-30 avgust kunlari Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XIII xalqaro festivali o‘tkazildi.

Unda ko‘plab xorijliklar qatorida “Bavariya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati vitse-prezidenti Karl-Xayns Braytsmann ham ushbu festivalga mehmon sifatida taklif etildi.

Janob Karl-Xayns Braytsmann mamlakatimizning turistik salohiyati va mazkur nufuzli xalqaro musiqa festivalni yuqori baholadi:

–O‘zbekistonga birinchi marotaba kelishim, mamlakat ostonasidan boshlab, o‘zbek xalqining naqadar mehmondo‘st, tinchliksevar ekanligini his qildim, bu yerdagi farovon hayotdan hayratga tushdim.

Sayyohlar uchun mamlakatda barcha sharoitlar yaratilgan. Aviaqatnovlardan tortib shinam mehmonxonalaru shaharda harakatlanish vositalarigacha barcha infratuzilma juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Odamlardagi xotirjamlik, mamlakatdagi sokinlikni ko‘rib hayratda qoldim va har qadamda O‘zbekiston sayyohlar uchun eng xavfsiz turizm maskani va yangi olam ekanligiga amin bo‘ldim.

Toshkent aholisi yirik megapolis shaharlardan biri bo‘lsa-da, bu yerda yirik shaharlarga xos salbiy jihatlarni kuzatmadim. Eski shahardagi sharqona “Chorsu” bozoridagi to‘kin-sochinlik, inson ehtiyojlari uchun barcha mahsulot va xizmatlarning mavjudligidan hayratda qoldim. Mahallalarni piyoda kezib odamlardagi samimiylik, ochiq ko‘ngillilik va notanish insonga ham mehmondo‘stlik munosabatida bo‘lishni ko‘rib, ochig‘i, beixtiyor ko‘zimga quvonch yoshlari keldi. 

“Sharq taronalari” festivali juda yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur nufuzli festivalning Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi rasmiy ochilishi marosimida qatnashish men uchun katta sharaf bo‘ldi.

Qadimiy va navqiron Samarqand shahrining tarixiy yodgorlik majmualari, “Sharq taronalari” festivalining jarayoni, san’atkorlarning chiqishlari haqida videolavhalarim orqali germaniyalik yurtdoshlarni xabardor qilganimdan behad xursand bo‘ldim.

Shu fursatdan foydalanib, mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stona va hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanaversin. Mehmondo‘st o‘zbek xalqiga farovon turmush va omonlik tilab qolaman.

N.Ziyodullayeva, O‘zA