Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – jahon siyosiy muloqotining markazida
15:48 / 2025-04-03

Mamlakatimiz tarixiy va global darajadagi siyosiy voqelikka mezbonlik qilmoqda. 5-9 aprel kunlari Toshkent shahrida ilk bor bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yurtimizning parlamentlararo diplomatiyaning muhim markaziga aylanishiga zamin bo‘ladi.

Parlamentlararo ittifoqning 150 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan nufuzli yig‘ilish mazmun-mohiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi: 

– Parlamentlararo ittifoq assambleyasining O‘zbekistonda o‘tkazilishi nafaqat siyosiy ahamiyatga ega, balki mamlakatimizning xalqaro nufuzi, ochiqlik siyosati va tinchlikparvar tashabbuslarini e’tirof etishdir. O‘zbekiston tarixida bunday yirik xalqaro parlament tadbiri ilk bor bo‘lib o‘tadi. Bu yurtimizga bo‘lgan ishonch va hurmatning yaqqol ifodasidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi ochiq tashqi siyosat natijasida O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlik va parlamentlararo muloqot maydoniga aylanmoqda. 

O‘zbekiston 1992 yildan beri Parlamentlararo Ittifoq a’zosi hisoblanadi. 2007 yilda a’zoligi to‘xtatilgan bo‘lsa-da, 2017 yil oktyabrdagi 137-assambleya natijalariga ko‘ra, faoliyatini qayta tikladi. Mamlakatimiz 2021 yildan beri Parlamentlararo ittifoq a’zosi sifatida faoliyat yuritmoqda. MDH, Yevroosiyo parlament assambleyalari va Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi forumlarda qatnashmoqda, turli davlatlar parlamentlari bilan ikki tomonlama hamkorlik guruhlari tashkil etgan. 

Assambleya davomida parlamentlararo hamkorlik, tinchlik, xavfsizlik, iqlim o‘zgarishi, ayollar huquqlari va yoshlar ishtirokiga oid dolzarb global masalalar muhokama etiladi. Delegatlar, senatorlar va spikerlar Toshkentda uchrashib, tajriba almashadilar, xalqaro qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha fikr almashadilar. Anjuman nafaqat siyosiy muloqot, balki O‘zbekistonning tarixiy merosi, zamonaviy taraqqiyoti va mehmondo‘stligini namoyon qilish imkonini beradi. Delegatsiyalar Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati va yutuqlari bilan yaqindan tanishadilar. 

Assambleya doirasida parlament ayollari forumi o‘zining 40 yilligini nishonlaydi. Shuningdek, Beliz parlamenti qo‘shilishi bilan a’zo davlatlar soni 182 taga yetishi kutilmoqda. 

Nufuzli tadbir ishtirokchilari uchun tarixiy va madaniy ekskursiyalar, milliy merosimiz, zamonaviy O‘zbekiston hayoti, ayollar va yoshlarga qaratilayotgan e’tibor haqida taqdimotlar o‘tkaziladi. Bu xalqaro hamjamiyatni ijtimoiy-madaniy sohadagi yutuqlarimiz bilan ham tanishtiradi. 

O‘zbekiston 2025 yilda nafaqat mezbon davlat, balki jahon siyosiy muloqotining faol ishtirokchisi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu esa mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlab, tinchlik va taraqqiyot sari dadil qadamlar tashlash yo‘lida muhim bosqich bo‘ladi. 

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.