Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida O‘zbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgani, xalqaro hamjamiyat buni keng e’tirof etayotgani ham ayni haqiqat ekanligi ta’kidlandi.
Haqiqatdan, O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda o‘nlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarga mezbonlik qildi va muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Prezidentimiz bundan keyin ham asosiy e’tiborimizni Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shni mamlakatlar va dunyodagi strategik sheriklarimiz bo‘lgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga qaratamiz, deb alohida qayd etdi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston nafaqat mintaqadagi, balki rivojlangan Yevropa davlatlari bilan hamkorlik o‘rnatib, uni yuqori pog‘onalarga ko‘tarishga intilayotgani diqqatga sazovor.
Masalan, Fransiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan davlatdir. O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosati konsepsiyasida Fransiya Respublikasi bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish mamlakatimiz diplomatiyasining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tirof etilgan.
bugungi kunda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatdor va hurmatga asoslangan do‘stona munosabatlar jadal rivojlanmoqda. So‘nggi besh yil O‘zbekiston – Fransiya munosabatlari tarixidagi eng yorqin davrlardan bo‘ldi. Ikki tomonlama munosabatlarning barcha jabhalarida samarali hamkorlikni rivojlantirishda, albatta, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin munosabatlar, ularning muntazam muloqoti muhim o‘rin tutadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil oktyabr oyida Yevropaga ilk bor tashrifi aynan Fransiya Respublikasidan boshlangani ham bejiz emas.
Prezidentimizning joriy yilda Fransiyaga bo‘lgan navbatdagi tashrifi qizg‘in siyosiy va madaniy-gumanitar aloqalar, kengayayotgan savdo-iqtisodiy va investitsiya sohasidagi keng ko‘lamli hamkorlik fonida tashkil etildi.
Ikki davlat delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarda har tomonlama hamkorlikka yuqori baho berildi. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshgani, zamonaviy sanoat yaratish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy loyihalarni mamnuniyat bilan qayd etdi.
“O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim”ga muvofiq, O‘zbekistonning Fransiya bilan o‘zaro savdosida “eng qulay” imtiyozli rejimi o‘rnatilgan.
2017 yildan boshlab hozirgi kunga qadar O‘zbekistondagi fransuz kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3,5 barobarga o‘sib, 13 tadan 46 tagacha ko‘paygani buning amaliy natijasidir.
Fransiya aholisining O‘zbekistonga va xalqimiz madaniyatiga qiziqishi ham hurmatga sazovor.
O‘zbekiston Prezidenti tashrifi doirasida Parijdagi Luvr muzeyida ochilgan «Markaziy Osiyo ulug‘vorligi. O‘zbekiston karvon yo‘llarida» va Arab dunyosi institutida tashkil etilgan «Kaftanlar va choponlar» ko‘rgazmalari ko‘lami fransuzlarning e’tiboriga sazovor bo‘ldi.
Ko‘rgazma orqali Fransiya jamoatchiligi O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishib, tarixiy shaharlarimizni ziyorat qilishni, karvon yo‘llari o‘tgan joylarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish istagini bildirmoqda.
Prezidentimizning tashrifi natijalari va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlar yanada yuqori darajaga ko‘tarilishiga, faol madaniy-gumanitar hamkorlik bundan-da rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.
Bularning barchasi esa O‘zbekistonning barqaror taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiluvchi omillardir.
Otabek G‘ULOMOV,
Andijon viloyati prokurorining
xalqaro-huquqiy masalalar bo‘yicha
katta yordamchisi, 1-darajali yurist.
O‘zA