Samarqand shahrida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida savdoni soddalashtirish masalalariga bag‘ishlangan 11-forum (APTFF) o‘z ishini boshladi.
2009-yildan beri Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan o‘tkazib kelinayotgan mazkur forum savdoni soddalashtirish yo‘nalishida ilg‘or tajriba va bilim almashish uchun asosiy mintaqaviy platforma hisoblanadi.
Bu galgi anjumanda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 250 dan ko‘proq ishtirokchi, jumladan, o‘ndan ortiq xalqaro tashkilot vakillari qatnashmoqda.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda innovatsion texnologiyalar va raqamlashtirish keng joriy etilayotgani, buning natijasida ishlab chiqarish va xalqaro savdo hajmi oshganini ta’kidladi. Shu bilan birga, mintaqada oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash vazifalari ham dolzarbligicha qolmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, savdo, transport va logistika, raqamlashtirish, shuningdek, elektron ma’lumotlar almashinuvi orqali savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va biznesning yangi mexanizmlarini ishlab chiqishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Bu borada chegara hududlarida zamonaviy savdo va logistika markazlari, soddalashtirilgan bojxona yo‘laklari va maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish eng samarali chora-tadbirlar hisoblanadi.
Barcha mamlakatlar uchun zamonaviy texnologiyalardan teng foydalanishga imkon yaratish, savdo va yuk tashish sohasidagi tartibotlarni soddalashtirish bo‘yicha eng samarali chora-tadbirlar ko‘rish, tovarlar harakatini tartibga soluvchi jarayonlarni raqamlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda keyingi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay sarmoyaviy muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak natijalar bermoqda.
Tashqi bozorga chiqish yo‘lidagi to‘siqlarning bartaraf etilishi, valyuta bozorining liberallashtirilishi, 7 mingdan ortiq turdagi xomashyo va tovarlarga bojxona to‘lovlarining bekor qilinishi natijasida tashqi savdo aylanmasi ikki baravar oshdi.
Soliq yuki qariyb 2 barobar kamaytirildi, soliq ma’muriyatchiligi soddalashtirildi, mamlakatda Markaziy Osiyodagi eng jozibador fiskal tizim yaratildi. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida dadil qadam qo‘ymoqda.
– Mamlakatimizda savdo tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida bojxona operatsiyalarining 90 foizidan ortig‘i raqamlashtirildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi bojxona qo‘mitasi mas’ul xodimi Shukurullo Mo‘minov. – Xususan, tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarida inson omilini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qilayotgan masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari tashkil etildi.
Anjuman qatnashchilari biznes uchun qulay bo‘lgan oraliq tariflardan foydalangan holda Markaziy Osiyoning transport salohiyatini oshirish, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish bo‘yicha yangi transport yo‘laklarini qurish loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
Bunday sharoitda transport xizmatlari bozorini liberallashtirish, ruxsat berish tartib-taomillarini optimallashtirish, xalqaro tashishlar uchun yagona raqamli platforma yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekistonning hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarining bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
5-aprelga qadar davom etadigan forum dasturiga muvofiq, raqamlashtirish va savdoni soddalashtirish, jumladan, transport va qog‘ozsiz transchegaraviy savdo, shuningdek, savdo jarayonini ekologik jihatidan yaxshilash masalalari bo‘yicha guruh muhokamalari va sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari