Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi kotibiyati rahbari Aziz G‘ofurov o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Asosiy signallardan biri – “Franklin Templeton” kabi yirik institutsional investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishidir, – deydi A.G‘ofurov. – Ushbu kompaniyalar investitsiya qarorlarini qabul qilishdan oldin xavf-xatar va ehtimoliy foydani sinchkovlik bilan o‘rganadi. Mavjud vaziyat O‘zbekistonning investitsiya tavakkalchiligi sezilarli darajada pasayganidan dalolat beradi. Ya’ni, bizda foyda prognozi xavotirdan aniq ustun.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, bunday nufuzli da’vogarlarning qiziqishi mamlakatdagi makroiqtisodiy vaziyat barqarorligi, amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonch ortib borayotganidan dalolat.
Xalqaro reytinglar barqarorlikni tasdiqlaydi
– “S&P Global Ratings” xalqaro agentligi tomonidan 2025 yil may oyida O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozi “ijobiy”ga o‘zgartirilgani mamlakatimizga ishonch ortib borayotganining yana bir tasdig‘idir. Ushbu qaror makroiqtisodiy barqarorlik va islohotlarga sodiqlikning muhim e’tirofi, – deydi G‘ofurov.
Shuningdek, u Toshkent xalqaro investitsiya forumiga ishtirokchilar tomonidan qiziqish ortib borayotganiga ham e’tibor qaratdi:
– Ishtirokchilar va xorijiy delegatsiyalar soni yil sayin ko‘paymoqda. Demak, respublikamizga istiqbolli sarmoya yo‘nalishi sifatida qiziqish ortyapti. O‘zbekiston geografik joylashuvi va iqtisodiy salohiyati tufayli investorlar uchun noyob imkoniyatlar taqdim etadi. Markaziy Osiyoda eng ko‘p aholiga ega davlat sifatida yurtimiz mintaqaning strategik muhim markazida joylashgan. Bu investorlarga nafaqat ichki bozor, balki keng mintaqaviy makonga ham kirish imkonini beradi.
Geosiyosiy barqarorlik va logistika afzalligi
Shuningdek, Aziz G‘ofurov tashqi siyosat va infratuzilmani rivojlantirish muhimligini ta’kidladi:
– Dunyo qudratli davlatlari va qo‘shnilar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ko‘p vektorli tashqi siyosatimiz sarmoyadorlarga geosiyosiy barqarorlik tuyg‘usini beradi. Yosh, bilimli ishchi kuchi, logistika bo‘yicha keng imkoniyat, jumladan xalqaro transport yo‘laklari O‘zbekistonni Markaziy Osiyoga sarmoya jalb qiluvchiga aylantirmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan faol o‘zgarmoqda, oldinga siljish aniq namoyon bo‘lmoqda.
Xorijiy investorlar kengashi mamlakatni o‘zgartirishda muhim rol o‘ynaydi, investor va hukumat o‘rtasidagi bo‘g‘in vazifasini o‘taydi. O‘zbekiston iqtisodiy siyosatni shakllantirishda reaktivlikdan proaktiv yondashuvga o‘tmoqda. Bu xalqaro hamjamiyatga zamonaviy va ochiq iqtisodiyotni barpo etish tarafdori ekanligimizni yaqqol ko‘rsatadi.
Biz tartibga soluvchi islohot bilan birga bashorat qilish uchun ham shart-sharoit yaratmoqdamiz. Investor o‘zini nima kutayotganini bilish, yangi qonun, protsessual o‘zgarish yoki strategik tashabbus bo‘ladimi, hammasini oldindan tushunishni istaydi. Kotibiyat ishi orqali biz ma’lumotga erta kirishni va doimiy o‘zaro hamkorlikni ta’minlaymiz. Natijada kompaniyalar o‘z faoliyatini aniqroq rejalashtira oladi, rivojlanayotgan iqtisodiyotlardagi asosiy xavflardan biri – kutilmagan omilni kamaytiradi.
Inson kapitalini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash
Shuningdek, mutaxassis xususiy sektor bilan hamkorlikda inson kapitalini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatni qayd etdi:
– Biz sarmoyadorlarning malakali kadrlar tayyorlashdagi ishtirokini rag‘batlantiramiz. Yirik kompaniyalar, jumladan xalqaro konsalting va moliyaviy tashkilotlar mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va kadrlar salohiyatini mustahkamlash uchun allaqachon korporativ akademiyalar ochgan.
Energetika, bank ishi kabi an’anaviy sohalar bilan bir qatorda iqtisodiyotning yangi tarmoqlariga ham qiziqish ortmoqda.
Bugun turizm, logistika, raqamli xizmat va kreativ industriyaga faol qiziqish bor. Ayniqsa, hozir davlat tomonidan tobora ko‘proq qo‘llab-quvvatlanayotgan, ulkan salohiyatga ega soha – turizmni alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Barqaror texnologiya ham e’tibordan chetda qolmaydi. Yil sayin “yashil” infratuzilma va qayta tiklanadigan energetika sohasidagi loyihalar – birinchi navbatda quyosh va shamol qurilmalariga qiziqish kuchaymoqda. Ushbu tashabbuslarda “ACWA Power” va “Masdar” kabi nufuzli jamoalar faol. Bu sohalar O‘zbekiston-2030 strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Yangi sohalarga qiziqish ortmoqda
Kotibiyat rahbari so‘zlariga ko‘ra, jahon institutsional investorlarining e’tibori mamlakatda bozor jozibadorligi oshayotganini tasdiqlaydi:
– Ko‘pgina yetakchi xalqaro kompaniyalar O‘zbekistonga nafaqat imkoniyat, balki ustuvor manzil sifatida qaraydi. Ayrimlar allaqachon “ko‘k chip” deb atalmish yuqori qo‘shimcha qiymatga va uzoq muddatli salohiyatga ega sohalarga sarmoya kiritmoqda. Bu mamlakatimiz kamolotning yangi bosqichiga chiqqanidan dalolat.
O‘zbekistonning boy madaniy merosi va jadal ijodiy muhiti – hunarmandlik va dizayndan tortib arxitektura va oshxonagacha – bunyodkorlik iqtisodiyotini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Sayyohlar oqimi o‘sishi bilan birga bu hududlar madaniy va real tijorat imkoniyatini ochadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz bozorini liberallashtirish va shaffoflikni oshirish bo‘yicha islohotlar faol amalga oshirilmoqda. Bu sarmoyaviy muhitni sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi. Xususan, 2024 yil O‘zbekistonga kiritilgan sarmoyaning umumiy miqdori 34,6 milliard dollarga yetdi. Shundan 11,9 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya. Mazkur sarmoya hisobidan respublika bo‘yicha 32 700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, 242 yangi loyiha ishga tushirildi.
Bunday yondashuv O‘zbekiston asosiy e’tiborni iqtisodiyot modernizatsiyasiga, xorijiy tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratishga qaratayotganidan dalolatdir.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA