French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘ZBEKISTON JAHON CHEMPIONATLARI O‘TKAZILADIGAN MAMLAKATGA AYLANIB BORMOQDA
18:10 / 2023-04-28

Keyingi yillarda o‘zbekistonlik sportchilar erishayotgan g‘alabalar, muvaffaqiyatlarni jahon tan olmoqda.

Bu g‘alabalar, avvalo, davlatimiz tomonidan sportni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning mahsulidir.

Biz dunyo tan olgan sportchilarimiz – Nodirbek Abdusattorov, Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashitov, Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nuriddinov, Davlat Bobonov kabi yuzlab shijoatli yoshlarimiz erishayotgan natijalar bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Endi bir o‘ylab ko‘ring, agar yurtimizda yangilanish, o‘zgarishlar, islohotlar bo‘lmaganida sportchilarimizning g‘alabalari haqida g‘ururlanib, hayajon bilan so‘zlay olarmidik?

Hozir boks bo‘yicha jahon ringlarida O‘zbekiston nomini ulug‘lab kelayotgan Bahodir Jalolov, Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimov, dunyo shaxmatida o‘z o‘rnini topib borayotgan Nodirbek Abdusattorov, dzyudo olamida o‘z kurash uslubini yaratgan Davlat Bobonov, og‘ir atletika tarixida yangi sahifa ochgan Akbar Jo‘rayev, xalqaro yengil atletika maydonida yangi yulduz bo‘lib porlayotgan Sharifa Davronova kabi nomdor sportchilarimizga mehr va e’tibor bo‘lmaganida, dunyo ularni tanirmidi?

Umuman, quyoshli o‘lkamiz bag‘rida o‘sib-ulg‘aygan bunday yoshlarning muvaffaqiyatga erishish omillari, ularga yaratilgan shart-sharoitlar, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar shuni anglatmoqdaki, taniqli yoshlar orasida sizning ham farzandingiz bo‘lishi mumkin. Zotan, yurtimizdagi har bir iqtidorli o‘g‘il-qiz e’tiborda, ularda mashhur bo‘lish imkoni bor.

Ta’kidlamoq joiz, o‘tgan yillar davomida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar natijasida yurtimizda mahalla tizimi tom ma’noda takomillashmoqda. Aholining barcha qatlamini qo‘llab-quvvatlash mexanizmi ishlab chiqildiki, mamlakatimizda davlatimiz g‘amxo‘rligini sezmagan, uning taftidan bahra olmagan biron xonadon qolmadi, hisob.

Kam ta’minlangan oilalarga e’tibor, yoshlarni kasbga tayyorlash, yo‘naltirish tuzulmalari, xorijiy davlatlarda ishlash, o‘qish ishtiyoqidagilarga yaratilgan qulayliklar, chet ellarda mehnat qilayotgan vatandoshlarning oilalariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar, aholi salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar jonajon Vatanimiz ulkan yangilanish va yuksalishlar ostonasida ekanligidan dalolatdir.

Ayni kunlarda mamlakatimizda yengil atletika, eshkak eshish, o‘q otish sport turlari bo‘yicha qit’a chempionatlari o‘tkazilayotgan bo‘lsa, milliy sport turimiz kurash bo‘yicha Xitoyda tashkil etilayotgan qit’a chempionatida O‘zbekiston nomi sharaflanmoqda.

Bundan tashqari, qilichbozlarimiz Janubiy Koreyada, taekvondochilarimiz Turkiyada, velosportchilarimiz AQSHda, futbol bo‘yicha “U-20” terma jamoasi Ispaniyada, para sportchilarimiz Qozog‘istonda, tennischilarimiz Yevropa davlatlarida, gimnastikachilarimiz Misrda o‘tayotgan yirik sport tadbirlarida yurtimiz nomini ulug‘lamoqda.

Shuningdek, Toshkent boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida 30 aprel-14 may kunlari o‘tkaziladigan jahon chempionatini qabul qilishga tayyorlanmoqda. Bugungacha 50 dan ortiq davlatning terma jamoalari yurtimizga yetib kelishdi. Ular o‘zbekona mehmondo‘stlik bilan kutib olinmoqda.

Bu ayni paytda O‘zbekiston eshkak eshish, yengil atletika, kamondan o‘q otish, boks sport turlari bo‘yicha dunyoning 100 dan ziyod davlatidan kelgan ming nafardan ziyod sport sohasi vakillariga mezbonlik qilayotganligini anglatmoqda.

Darhaqiqat, sport sohasida bunday keng ko‘lamdagi musobaqalarni bir paytda, ketma-ketlikda, bitta mamlakatda o‘tkazish, yana o‘nlab sport jamoalari, delegatsiyalarning xorijiy mamlakatlardagi xalqaro musobaqalarda ishtirokini doimiy ta’minlab borish oson emasligini, katta mehnat va izlanishni talab etishi kundek ravshan.

Haqli ravishda bugun O‘zbekiston taniqli sportchilar mamlakatiga, dunyo miqyosida musobaqalar o‘tkaziladigan manzil-maydonga aylanib bormoqda.

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbiri