Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov Italiyada tashkil etilgan qator xalqaro hamkorlik uchrashuvlarida ishtirok etdi.
Milanda mutaxassislar ishtirokida Lombardiya mintaqasi ta’lim va mehnat vaziri Simona Tironi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida ta’lim sohasidagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, iqtidorli maktab o‘quvchilarini Google akademiyasining qisqa muddatli ta’lim safarlariga yuborish loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Turin shahrida BMT shafeligidagi Xalqaro mehnat tashkiloti uchun kadrlar tayyorlash xalqaro markazi direktori Andreas Klemmer bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Muloqot yakunida vazirlikning moliya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislari mazkur markazda malaka oshirish kurslarida ishtirok etishi hamda maxsus o‘quv dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Rim shahrida SIOI prezidenti Rikkardo Sessa bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida SIOI mutaxassislari Rimda yosh diplomatlar uchun tashkil etilgan kurslarda ishtirok etgan o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining bilim olishga bo‘lgan yuqori intilishini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan amaldagi kelishuvni kengaytirish, shuningdek vazirlik tizimidagi tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalarining xalqaro aloqalar bo‘limlari xodimlari uchun qo‘shimcha maxsus kurs tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari ikkinchi O‘zbekiston–Italiya rektorlar forumi doirasida Italiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jumladan, Universite declined Studi Roma Tre rektori Massimiliano Fioruchchi bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar oliy ta’lim muassasalarida pedagogik ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek bakalavriat bosqichi uchun qo‘shma (double degree) dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida ta’lim sohasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro tajriba almashish va yoshlar uchun yangi ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA