English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Italiya: tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
18:50 / 2023-04-17

13-14 aprel kunlari O‘zbekiston tahlil markazlari vakillaridan iborat delegatsiya Italiyaning Rim shahrida bo‘lib, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator uchrashuv va muloqotlar o‘tkazdi.

Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovlar tashrifning birinchi kunida Italiyaning «Vision & Global trends» xalqaro instituti, Italiya Xalqaro tashkilotlar ittifoqi (SIOI) hamda Italiyaning Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy tadqiqotlar instituti (EURISPES)  rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muloqotlar davomida E.Tulyakov so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xususan, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyati va uning doirasida qabul qilingan Davlat dasturlari monitoringi, bu jarayonda Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Italiyalik siyosatchi va tahlilchilarga yangi tahrirda qabul qilinayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va unda nazarda tutilayotgan asosiy o‘zgartirish va qo‘shimchalarga qaratilgan taqdimotlar ham o‘tkazildi. Jumladan, yangilanayotgan Konstitutsiyadagi har bir o‘zgartirish, avvalo, ko‘p millatli o‘zbek xalqining xohish va istaklarini inobatga olgan holda kiritilayotganligi, Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlat tajribasi o‘rganilib, 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazilganligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, italiyalik hamkorlar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga katta qiziqish bildirildi. Xususan, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari yuqori baholandi.

Jumladan, yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda ham O‘zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosatining konstitutsiyaviy asoslarini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilganligi e’tirof etildi.

Samimiy va do‘stona muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvlar yakunida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi jarayonlarni doimiy ravishda tahlil qilib borishda ikki davlat “aql markaz”larining hamkorligini yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

Shuningdek, tashrifning birinchi kunida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari E.Tulyakov italiyalik tarjimon Doriana Somma bilan Markaz tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlab tayyorlangan “Yangilanayotgan Konstitutsiya” nomli infografik risolani italyan tiliga tarjima qilish masalasida muzokara o‘tkazdi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, D.Somma 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini italyan tiliga muvaffaqiyatli tarjima qilib, mazkur nashrning Italiya jamoatchiligiga ularning ona tillarida taqdim qilinishiga hissa qo‘shgan tarjimon hisoblanadi.

Shahnoza TOSHTEMIROVA, O‘zA