Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining mamlakatimizga rasmiy tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi azaliy munosabatni yanada rivojlantirishi shubhasiz. O‘zA suhbatdoshi – siyosiy fanlar doktori Durbek Sayfullayev shu haqda batafsilroq so‘z yuritadi.
– Samarqand shahrida davlatimiz yetakchisi Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari, muloqotlari, erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar o‘zaro aloqa yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Bu jarayon mavjud strategik sheriklikni yangi davrga xos va mos tarzda rivojlantirishga hissa qo‘shishi, hozirgi ziddiyatlar sharoitida maqbul yangi yondashuvlar, yechimlar topishga xizmat qilishi aniq.
Mazkur tashrif chog‘ida strategik sheriklik munosabatini mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Investitsiyani rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish, strategik ahamiyatga ega xom ashyo, migratsiya va harakatlanish erkinligi, barqaror rivojlanish va atrof-muhit muhofazasi, madaniy merosni saqlash sohalarida, shuningdek Iqlim jamg‘armasi va Italiya qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi, ikki tomonning qator kompaniyalari o‘rtasida, jumladan, “yashil” rivojlanish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishildi. Tushia, Piza va Turin universitetlari bilan sheriklik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
Keyingi yillarda davlatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar kengayishi kuzatilmoqda. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm sohalarida o‘zaro manfaatli kooperatsiya chuqurlashmoqda. Biznesga texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirish, Yevropa bozoriga chiqish uchun mamlakatimiz eksportchilarini o‘qitish, Toshkentda Qo‘shma sertifikatlash markazi tashkil etish, muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirish hamda Texnologik sheriklik dasturini ishga tushirish ustuvor maqsad sifatida belgilangan.
Yetakchilar yangi ustuvor yo‘nalishlarni ham muhokama qildi. Masalan, xususiy tadbirkorlik innovatsion loyihalari, o‘ta muhim minerallar va qishloq xo‘jaligi xom ashyosini chuqur qayta ishlash, avtomobilsozlik uchun butlovchi qism, elektrotexnika, energetika, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish sanoatida yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charm, mebelsozlik va boshqa tarmoqlar uchun dizayn markazlari tashkil etish zarurligi ma’qullandi.
Ikki davlat faol siyosiy almashinuvni davom ettirish tarafdori. Yevropa Ittifoqi institutlari bilan faol hamkorlik qilish, “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitini o‘tkazish rejalashtirildi.
Umuman, e’tirof etish joiz, o‘zaro munosabatlar tarixida ilk bor yuqori diplomatik faollik kuzatildi. Bugungi global beqarorlik sharoitida bunday sa’y-harakat alohida ahamiyat kasb etadi. Ya’ni davlatlarimiz xalqaro miqyosda zamonaviy muloqot hamda barqarorlikni ta’minlayotgan sheriklarga aylanmoqda. Bosh vazir Jorja Melonining O‘zbekistonga tashrifi muloqotni yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Dildora Shomurodova yozib oldi.
O‘zA