Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Italiya: qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarishdagi dolzarb tendensiyalar muhokama qilindi
07:48 / 2025-03-20

O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi hamda suv resurslarini boshqarish sohasida ilmiy tajriba almashilmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Italiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida Turin Politexnika universitetida “O‘zbekiston va Italiya: ilm tarmog‘ini kengaytirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ushbu davlat Tashqi ishlar vazirligidan Italiya – Markaziy Osiyo hamkorlik formati bo‘yicha Italiya milliy koordinatori Federiko Failla boshchiligidagi delegatsiya va yetakchi aql markazlari hamda universitetlaridan tadqiqotchi ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda Italiya hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan “Orol bo‘yi mintaqasining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi” dasturining amaliy jihatlari hamda qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarish sohasidagi dolzarb tendensiyalar muhokama qilindi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi“ markazi ma’lumotida.  

Ikki davlat qishloq xo‘jaligi hamda suv resurslarini boshqarish sohasida yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va tadqiqot muassasalari xodimlari uchun O‘zbekistonda va Italiyada “yozgi maktablar” tashkil etish, onlayn kurslar o‘tkazish, soha yo‘nalishida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.  

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori o‘rinbosari Nilufar Doniyorxo‘jayeva o‘z nutqida sohaga oid vazirlik va idoralar vakillari hamda tarmoq mutaxassislari o‘rtasida samarali muloqot platformasini yaratish muhimligini ta’kidlab, mavjud muammolar, xususan, qishloq xo‘jaligi va suv resurslarining yetishmovchiligi bilan bog‘liq masalalarni hal qilish yo‘llarini muhokama qilish zarurligini qayd etdi.

Davra suhbatida Italiyaning “SOGESID” kompaniyasi vakillari hamda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari mutasaddilari o‘zaro fikr almashdi. Yakunda suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha bir qator takliflar bildirilib, Markaziy Osiyo va Italiya davlati bilan ko‘p tomonlamali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida ham muhokamalar olib borildi.

A. Rustamov, O‘zA