O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luiji di Mayo bilan videokonferensiya shaklida muzokara o‘tkazdi.
Suhbat davomida tomonlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklikning dolzarb kun tartibini, mamlakatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbolini muhokama qildi.
Ishbilarmonlikda erishilgan sheriklik samaradorligi va o‘sish sur’atiga ijobiy baho berildi - Italiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani, Italiya biznesi vakillarining qishloq xo‘jaligi va sanoatning turli sohalarida yangi loyihalar amalga oshirishga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi.
Xususan, Italiyaning “Danieli” kompaniyasi Toshkent metallurgiya zavodini qurish va jihozlashda qatnashib, hozirgi vaqtda Bekobod shahrida quyma-prokat majmuasini yaratish bo‘yicha ish olib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasida “Opera” kompaniyasi ishtirokida za’faron o‘stirish bo‘yicha plantatsiya yaratilmoqda, qurilish materiallari sohasida esa “Italmatec” kompaniyasi bilan hamkorlikda marmar, granit va ohaktoshdan panel ishlab chiqarilyapti.

Shu bilan birga, ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro bog‘liqligi yirik sanoat ishlab chiqarishini yaratishga qaratilgan qo‘shimcha loyihalarni ishlab chiqish orqali investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoit yaratayotgani ta’kidlandi. Kimyo va neft-kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal sanoati, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalari istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Ikki tomonlama biznes sheriklikni chuqurlashtirish, shu jumladan, ikki mamlakat missiyalarining o‘zaro tashrifi, ishbilarmon doiralar ishtirokida qo‘shma tadbirlar tashkil etish orqali samarali o‘zaro hamkorlik qilish mexanizmini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Innovatsiyalar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlik istiqboliga to‘xtab o‘tildi – O‘zbekistonning tegishli vazirlik, idoralari bilan Italiyaning Milliy innovatsiya jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini, xususan, O‘zbekistonda yoshlar “startaplarini” qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma dasturni boshlab yuborish istiqboli ko‘rib chiqildi.
Muzokara yakunida muloqot davomida muhokama qilingan barcha yo‘nalishlarda natijador hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarga ikki tomonlama sodiqlik ta’kidlandi.