Rim shahridagi Roma Tre universitetida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining Ikkinchi forumi davlatlarimiz o‘rtasidagi oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, uni institutsional va tizimli asosda rivojlantirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi munosabatlar davlat rahbarlari darajasidagi faol va ochiq muloqotlar natijasida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga rasmiy tashrifi, Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning O‘zbekistonga tashrifi hamda Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Giorgia Melonining mamlakatimizga tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar va imzolangan hujjatlar ikki tomonlama hamkorlikka ham mustahkam zamin yaratdi.
Xususan, Samarqand shahrida o‘tkazilgan rektorlar davra suhbati agrobiotexnologiya, uzumchilik va vinochilik, kimyoviy texnologiya, terapiya, arxeologiya, turizm va mehmondo‘stlik, organik qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi hamda bioiqtisodiyot (circular economy) yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvlarga asos bo‘ldi. Rimdagi Ikkinchi forum ana shu jarayonning mantiqiy va amaliy davomi sifatida namoyon bo‘ldi.
Forumda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov O‘zbekiston – Italiya ta’lim hamkorligi chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini ta’kidladi. Dastlab hamkorlik asosan italyan tilini o‘qitish bilan boshlangan bo‘lsa, bugungi kunda u keng qamrovli ilmiy, innovatsion va texnologik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi.
Statistik ma’lumotlar ham hamkorlikning izchil kengayib borayotganini tasdiqlaydi.
So‘nggi yetti yil ichida O‘zbekistonda 100 dan ortiq yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning umumiy soni 207 taga yetdi. 32 ta oliygoh xorijiy universitetlar filiallari yoki hamkorligida faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Turin politexnika universiteti Toshkent filiali hamda Pisa universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik O‘zbekiston – Italiya ta’lim aloqalarining amaliy va barqaror modeliga aylangan.
Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari ishtirokida 30 ga yaqin qo‘shma loyiha amalga oshirilgan. Ayni paytda 300 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba Italiyaning nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda, so‘nggi ikki yil ichida esa 100 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi Italiya oliygohlarida malaka oshirdi. Bu ko‘rsatkichlar akademik mobillik va ilmiy integratsiyaning izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Rimdagi forum doirasida 2025-yil yanvar oyida e’lon qilingan qo‘shma ilmiy tanlov natijalari ham rasman taqdim etildi. 199 ta taklif orasidan eng yuqori ball to‘plagan 10 ta loyiha O‘zbekiston–Italiya Qo‘shma boshqaruv qo‘mitasi tomonidan moliyalashtirish uchun saralab olindi. Har bir loyiha ikki davlat tomonidan 1 million yevro miqdorida qo‘llab-quvvatlanadi. Mazkur tashabbuslarda Italiyaning 11 ta oliy ta’lim muassasasi ishtirok etmoqda. E’tiborlisi, ularning aksariyati avval ham Erasmus+ ICM va CBHE loyihalari doirasida O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik qilgan bo‘lib, mavjud tajriba yangi ilmiy tadqiqotlar bilan uzviy bog‘lanmoqda.
Forumda muhandislik, sun’iy intellekt, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika va parameditsina, turizm, moda va dizayn kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Istituto Marangoni bilan moda, dizayn, vizual kommunikatsiya va ijodiy tadbirkorlik yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, University of Trento vakillari bilan qayta tiklanuvchi energiya, ekologik barqarorlik va “yashil” texnologiyalar sohasida ilmiy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan muloqot o‘tkazildi.
Forum doirasida vazirning Italiyaning turli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ochiq muloqoti ham tashkil etildi. Unda grant va stipendiya imkoniyatlari, akademik almashinuv dasturlari hamda yosh mutaxassislarning kelgusida O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shishi masalalari muhokama qilindi. Bu xorijda tahsil olayotgan yoshlar bilan tizimli va mas’uliyatli muloqotni yo‘lga qo‘yish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Italiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor Elchisi Abat Fayzullayevning ishtiroki akademik muloqot diplomatik hamkorlik bilan uyg‘unlikda olib borilayotganini namoyon etdi.
Bugungi kunda italyan tilini o‘rganish ham ikki tomonlama hamkorlikning muhim tarkibiy qismiga aylangan. O‘zbekistondagi qator oliy ta’lim muassasalarida yuzlab talabalar italyan tilini o‘zlashtirmoqda. Bu esa siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun zarur intellektual va madaniy poydevor yaratmoqda.
Mazkur forum ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirish va yoshlarning global miqyosdagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladigan muhim platforma bo‘ldi. U oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro ilmiy integratsiyani chuqurlashtirish va innovatsion rivojlanishni jadallashtirish borasidagi izchil siyosatning amaliy ifodasi sifatida baholanishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Xalqaro akademik muloqot jarayonlarini bevosita kuzatish, yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan fikr almashish va global ta’lim tendensiyalarini tahlil qilish bugungi oliy ta’limning zamonaviy qiyofasini shakllantirishda hamda xalqaro oliy ta’limning standartlarini yutimizda joriy qilishda muhim ahamiyatga egadir. Forum doirasida shakllangan ilmiy hamkorlik muhiti va konstruktiv muloqot madaniyati zamonaviy ta’lim diplomatiyasining amaliy ko‘rinishini o‘zida ifoda etadi.
Shubhasiz, O‘zbekiston – Italiya rektorlari forumi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, uzoq muddatli va natijador akademik hamkorlikni rivojlantirish hamda ilm-fan orqali barqaror taraqqiyotga erishish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
Iroda Berdiyeva,
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tayanch doktoranti.