Italiyaning Rim shahridagi deputatlar palatasida “Country Presentation – Uzbekistan” nomli gibrid shaklida tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida ma’lum qilinishicha, mazkur yig‘in diyorimizning investitsiyaviy salohiyati, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar hamda Italiya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan.
Unda mamlakatimiz tomonidan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov video-konferens-aloqa shaklida ishtirok etdi.

Tadbirni Italiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, ikki o‘lka o‘rtasidagi agrar, iqtisodiy va ta’lim sohalaridagi hamkorlik aloqalarini e’tirof etdi.
O‘z navbatida, vazirimiz I.Abdurahmonov ikki tomonlama iqtisodiy va institutsional islohotlar, xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan tizimli yangilanishlar haqida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida o‘sish sur’atlari yiliga o‘rtacha 4 foizni tashkil etmoqda. O‘tgan yilda agro-ozuqa mahsulotlari eksporti hajmi 3,2 milliard AQSH dollariga yetib, yurtimiz mahsulotlari 83 ta mamlakat bozoriga yetkazib berilgan.
Davra suhbatida mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda ikki tomon manfaatlariga asoslangan qator loyihalar doirasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinar ekan, agrar sohadagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ta’lim sohasidagi hamkorlik doirasida Samarqand shahrida Italiyaning Tushia universiteti filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilgani alohida tilga olindi.
Shuningdek, anjuman davomida kelgusidagi ustuvor rejalardan biri sifatida joriy yil 23–24 mart kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Italiya – Markaziy Osiyo – Ozarbayjon” xalqaro forumiga ham e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, ushbu forum innovatsiyalar, regenerativ qishloq xo‘jaligi va raqamli texnologiyalar asosida barqaror agroekotizimlarni rivojlantirishga xizmat qilishi, shuningdek, Italiya biznes doiralari uchun yangi investitsiya imkoniyatlarini yaratishi kutilmoqda.
O‘zA