Raqamli texnologiyalar vazirligida Yaponiyaning yirik savdo korporatsiyalaridan biri — “Itochu Corporation” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda mamlakatimiz AT bozoriga investitsiyalarni jalb qilish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida kompaniyaning O‘zbekistonda aviatsiya sanoatiga doir BPO va KPO xizmatlarini IT Park rezidenti sifatida amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, xorijiy kompaniyalar uchun yurtimizda “One Stop Shop” tamoyili asosida qulay shart-sharoitlar yaratilgani, xususan, korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ofis va malakali kadrlar topishda bevosita ko‘mak ko‘rsatilayotgani qayd etildi.

E’tiborlisi, bugungi kunda IT Park’ning 3500 dan ziyod rezidentidan qariyb 1000 tasi xorijiy kapital asosida faoliyat yuritmoqda. So‘nggi bir yil ichida 27 ta Yaponiya kompaniyasi ushbu maqomni olgan.
Uchrashuvda Yaponiyadagi AT kadrlari tanqisligini qoplash maqsadida O‘zbekiston yoshlarini tayyorlash bo‘yicha imzolangan anglashuv memorandumi (MoU) muhim ahamiyat kasb etayotgani, umuman olganda Yaponiya yurtimiz uchun strategik hamkor ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Data-markazlar va AI loyihalari uchun yaratilgan maxsus imtiyozlar haqida ma’lumotlar berilib, investorlar qatorida yapon kompaniyalari ham taklif etildi.
Yakunda “Itochu Corporation” vakillari mamlakatimizdagi ochiq biznes muhitini ijobiy baholab, kelgusida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik (PPP) loyihalari doirasida vazirlik hamda IT Park bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA