French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Ispaniya: istiqbolli hamkorlik yanada kengayadi
18:11 / 2025-04-04

O‘zbekiston  va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik yildan yilga rivojlanmoqda. Samarqand shahrida joriy yilning 3-4 aprel kunlari o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ham ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashishda muhim platforma bo‘ldi. Qayd etish kerak, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb biladi.

Anjumanda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, umumiy siyosiy iroda tufayli Markaziy Osiyodagi chuqur transformatsiya jarayonlari barqaror va ortga qaytmas tus oldi. Ishonch va yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlanmoqda, keng ko‘lamli hamkorlik va kooperatsiya aloqalari kengaymoqda. 

“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi o‘zaro hamkorlik tizimli rivojlanib tobora takomillashmoqda.  Bu borada Ispaniya Qirolligining mamlakatimiz bilan hamkorligini tahlil qiladigan bo‘lsak, ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ispaniya Yevropa Ittifoqidagi iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi.  O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 31 dekabrda tan olgan Ispaniya bilan diplomatik munosabatlar 1992 yil 17 martda o‘rnatilgan. O‘tgan yillar davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari takomillashib bordi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning iyun oyida Ostona shahrida SHHT sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan Ispaniya qiroli Filipp VI bilan uchrashuvi hamkorlik samaradorligini yanada oshirdi. Barcha sohalarda aloqalarni mustahkamlash borasidagi ishlar ko‘lami kengaydi. Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish mexanizmi shakllandi. Do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashda ikki mamlakat vakillik organlarida tuzilgan deputatlik do‘stlik guruhlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston va Ispaniya Ombudsman institutlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida imzolangan bitim ham samarali bo‘ldi.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq Ispaniya bilan savdo bo‘yicha eng qulay davlat rejimi o‘rnatildi. Bugungi kunda mamlakatimizda Ispaniya  kompaniyalari ishtirokida 16 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 8 tasi qo‘shma korxona sifatida,  8 tasi 100 foiz ispan kapitali  asosida ish yuritmoqda. Ta’kidlash joizki, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining hamkorlik va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorligi sezilarli darajada oshmoqda. Agrosanoat, oziq-ovqat, kimyo, to‘qimachilik, turizm, farmatsevtika, vinochilik, mashinasozlik sanoati ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi. Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik 2001 yilda imzolangan Madaniyat va ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim asosida amalga oshirilmoqda.

Mazkur hujjatga ko‘ra, turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, 2004 yilning aprel-may oylarida Toshkent va Samarqand shaharlarida Amir Temur davlati bilan Kastiliya Qirolligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 600 yilligi keng nishonlandi. 2006 yilda Madridda Amir Temur tavalludining 670 yilligi va davlatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 600 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalari ham yildan yilga mustahkamlanmoqda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan Madrid, Granada, Alkala de Henares va Malaga universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik faol rivojlanyapti. 2019 yil Kastiliya-La-Mancha universiteti Samarqand davlat chet tillar instituti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshida ikkita ispan tili va madaniyati markazini ochdi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda San-Pablo universiteti, shuningdek, Santyago de Kompostela universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolangan.

Ikki davlatning boy tarixiy merosi va madaniyati tufayli turizm sohasida hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Keyingi 8 yilda ikki taraflama iqtisodiy munosabatlarning o‘zaro savdo hajmi ikki barobar oshgan hamda O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar soni qariyb ikki karra ko‘paygan. Ispaniya Yevropa Ittifoqining eng asosiy drayverlaridan biri sifatida dunyoga ma’lum va o‘z tarixi, madaniyati bilan mashhur. Bugun ushbu mamlakat O‘zbekiston bilan mustahkam hamkorlik rishtalarini bog‘lagan. Samarqand sammiti ana shu keng ko‘lamli, har tomonlama manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashda yangi ufqlarni ochib beradi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA muxbiri