Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston islomiy tarixiy shaharlari eng ko‘p mamlakat sifatida e’tirof etildi
11:59 / 2026-01-30

O‘zbekiston Respublikasi “ASIA Records” tomonidan qit’ada “YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan eng ko‘p islomiy tarixiy shaharlarga ega mamlakat” sifatida rasman e’tirof etildi.

Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.

E’tirofga ko‘ra, O‘zbekistonda joylashgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari YUNESKO tomonidan tan olingan islomiy tarixiy shaharlar hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni Osiyoda islom sivilizatsiyasining eng boy va yaxlit saqlangan markazlaridan biri sifatida namoyon etmoqda.

Buyuk Ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan O‘zbekiston asrlar davomida islom olamining madaniyat, ilm-fan va ma’naviy an’analari chorrahasi bo‘lib kelgan. Uning tarixiy shaharlarida islom me’morchiligi, shaharsozlik va ilmiy tafakkurning yuksak namunalarini — masjidlar, madrasalar, maqbaralar hamda yaxlit shahar ansambllarini bugungi kungacha asl muhitda ko‘rish mumkin. Aynan shaharlarning kompleks tarzda saqlanib qolgani, alohida yodgorliklar emas, balki butun tarixiy muhitning yaxlitligi ushbu merosni chindan ham noyob qiladi.

Me’moriy meros  bilan bir qatorda, O‘zbekiston bugungi kunda ham ziyorat va madaniy turizmning muhim markazi bo‘lib qolmoqda. Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasi, Samarqanddagi Imom al-Buxoriy maqbarasi, Buxorodagi Bahovuddin Naqshband va Chashmai Ayyub majmualari, shuningdek, Termizdagi islomiy yodgorliklar butun dunyodan kelayotgan ziyoratchilar va sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda.

Xalqaro maydonda mamlakat turizm sohasi vakillari tomonidan qabul qilingan "ASIA Records" mukofoti O‘zbekistonning islomiy tarixiy merosni asrash, rivojlantirish va targ‘ib etish borasidagi yetakchiligini, shuningdek ushbu merosning butun insoniyat uchun umuminsoniy qadriyatga ega ekanini e’tirof etadi.

Mazkur ma’lumotlar Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati tomonidan taqdim qilindi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA