Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi – jahon Islom merosini ommalashtirishning muhim bo‘g‘ini
11:04 / 2023-06-02

Poytaxtimizda “O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi – jahon Islom merosini ommalashtirishning muhim bo‘g‘ini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCISA) direktori Mahmud Erol Qilich, Misr milliy arxivlar va kitoblar bosh hay’ati direktori Honiy ad-Damur, Ol al-Bayt universiteti rektori Usama Tal’at hamda AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya, Malayziya, Misr va boshqa xorijiy davlatlar, shuningdek mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan olimu ulamolari ishtirok etdi.  

Davra suhbatida so‘nggi yillarda yurtimizda Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish jarayoni qizg‘in davom etayotgani ta’kidlandi.  

Soha mutaxassislarining tadqiqotlari, ilmiy xulosalari va amaliy tavsiyalari tinglandi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan qo‘lyozma manbalarni yig‘ish va saqlash masalalari hamda O‘zbekistondagi qo‘lyozma manbalar umumiy reyestrini yaratish haqida so‘z yuritildi.  

– Markaz faoliyati yo‘nalishlarini aniq va to‘g‘ri belgilab olishda, xorijiy tajriba va xalqaro hamkorlikning, xususan mana shu kabi xalqaro tadbirlarning ahamiyati katta, – dedi  O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti o‘qituvchisi, tarix fanlari nomzodi Hamidullo Lutfillayev. – So‘nggi yillarda yurtimizda o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk va mo‘’tabar ajdodlarimizning ilmiy merosini tadqiq etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu davra suhbati ham mana shu qilinayotgan ishlarning bir bo‘lagidir. Men konferensiyada “Markaziy Osiyo hukmdorlari uchun tayyorlangan qo‘lyozma Qur’onlar” deb nomlangan ma’ruzam bilan ishtirok etdim. Xorijlik hamkasblarimiz uchun ham ushbu davra suhbati qiziqarli va esda qolarli, samimiy kechdi, deb o‘ylayman. Ayniqsa, ular yurtimizdagi o‘zgarishlarni ko‘rib hayajon va hayratda ekanliklarini qayta-qayta aytishmoqda.  

– O‘zbekistonga birinchi bor kelishim. Bu mening eng katta orzuyim edi. Ayniqsa, Buxoroni ko‘rishni juda istardim, – dedi Buyuk Britaniya milliy zakot fondi vakili Suhayl Hanif. – Bugungi anjumanda qilgan “Markaziy Osiyodagi mumtoz hanafiylik: o‘tmish, bugun va kelajak, huquqiy an’analar” deb nomlangan ma’ruzam ham Buxoro zamini bilan chambarchas bog‘liq. Buxoroni ko‘rdim: hayratlarim, anglaganlarim – bir dunyo! O‘zbekiston haqidagi taassurotlarimni bir so‘z bilan aytib tugata olmayman. Bu mo‘’jizaviy davlatga yana va yana kelishni istayman.  

Davra suhbatida yurtimiz zaminida tug‘ilib, yuksak tafakkuri bilan jahon ilm-fani taraqqiyoti ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan va ilm-fanning barcha sohalarida, jumladan, islomiy ilmlarda ham jahonga dong taratgan buyuk allomalarimiz haqida so‘z yuritildi.

 

Ozoda Bekmurodova, O‘zA