French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish katta imkoniyat
17:02 / 2025-10-23

Bugun Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) tomonidan ilk bor Investorlar kuni o‘tkazildi.

Mahalliy, mintaqaviy va xalqaro investitsiya jamg‘armalari, banklar hamda moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov va boshqalar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mahalliy va xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratayotganini qayd etdi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda xorijiy va mahalliy investorlar uchun investitsiya muhiti yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar, soliq va tarif siyosatlari hamda investitsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi qonunlar investorlar uchun qulayliklar yaratadi. Xususan, investorlarning huquqlari himoya qilinmoqda va soliq imtiyozlari berilmoqda. Bu esa mamlakatimizda o‘z sarmoya va loyihalarni tatbiq etishga intilayotgan tashabbuskorlarning qiziqishini orttirayotir. 

[gallery-25880]

Tadbir davomida dunyodagi eng faol rivojlanayotgan bozorlardan biri bo‘lgan O‘zbekistondagi strategik tarmoqlarda mavjud investitsiya imkoniyatlari namoyish etildi. Umumiy hisobda 67 dan ortiq mahalliy va xorijiy investitsiya kompaniyalardan 200 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashgani yurtimizda ular uchun yaratilayotgan har tomonlama qulayliklar bilan bog‘liqdir. Ahamiyatlisi, ularning jami boshqaruvidagi aktivlar hajmi 1 trillion AQSH dollaridan ortiqni tashkil etadi. Tadbir Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoning yirik moliya markazlaridan mehmonlarni qabul qildi hamda “UzNIF”ning O‘zbekistonda va xorijda global institutsional investorlar orasida yuqori qiziqish uyg‘ota olganini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi kotibiyati rahbari Aziz G‘afurovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Buning yaqqol isboti – bugungi tadbirga ko‘plab xorijiy investitsiya fondlari va investorlar tomonidan O‘zbekistonga katta qiziqish bildirilganidir. 

– Davlatimiz rahbarining Amerika Qo‘shma Shtatlariga qilgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan memorandumga asosan “Franklin Templeton” kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasini (UzNIF) o‘z boshqaruviga oldi. Bu esa ko‘plab xorijiy kompaniyalarda mamlakatimizdagi investitsiya imkoniyatlariga nisbatan yuqori ishonch hosil qilishga xizmat qildi. Bugungi kunda mazkur kompaniya nafaqat Toshkentda, balki Yevropa va Amerikada ham shunday tadbirlarni tashkil etmoqda. Ushbu moliyaviy tashkilotning taqdimotlarida ular amalga oshirayotgan ishlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot beriladi. Bu esa investorlarning ishonchini yanada oshiradi. Mazkur Investorlar kuni tadbiri mamlakatimizda investitsiyalar hajmini oshirishga keng yo‘l ochadi, – dedi A.G‘afurov.

YeTTB vakili Azamat Ibraimovning aytishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror ravishda rivojlanmoqda, chunki xususiy sektor, kichik va o‘rta biznes hamda yirik kompaniyalar orasida yaxshi muvozanat saqlanmoqda.

– Mamlakatda investitsiya imkoniyatlari juda keng va har yili xususiy sektorda milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. Hukumat iqtisodiy islohotlarni va tashqi savdo imkoniyatlarini faol qo‘llab-quvvatlab, xususiy sektorni rivojlantirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qat’iy e’tibor qaratmoqda. Xususiylashtirish jarayonlari esa faqat aktivlarni sotish emas, balki strategik investorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, korporativ boshqaruvni yaxshilash va institutsional investorlarga asoslangan realistik jarayonni ta’minlashga qaratilgan, – dedi u.

Investorlar kuni ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA