Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritiladigan Xitoy investitsiyalari hajmi 15 mlrd. AQSH dollaridan oshishi kutilmoqda
11:48 / 2025-06-10

Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona ma’muriyati raisi o‘rinbosari Vu Xaypin boshchiligidagi delegatsiya Bojxona qo‘mitasida bo‘ldi.

Tashrif Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy bojxona xizmatlari rahbarlarining “S5+1” formatida Olmaotada bo‘lib o‘tgan ikkinchi uchrashuvi doirasida O‘zbekiston va Xitoy bojxona xizmati rahbarlarining ikki-tomonlama uchrashuvida erishilgan kelishuvlarning ilk amaliy natijasi hisoblanadi.  

Hozirda chegara bojxona postlarini zamonaviy texnik-nazorat vositalari, shu jumladan, katta hajmli yuk avtotransport vositalarini skanerlovchi inspeksion-ko‘rik majmualari bilan jihozlanishida o‘zaro hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu eng avvalo, tashqi savdo yuklarini tezkorlik bilan bojxona nazoratidan o‘tkazishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.  

Yig‘ilishda tomonlar o‘zaro axborot almashinuvini takomillashtirish, so‘rovnoma-ma’lumot almashishning samarali mexanizmini shakllantirish, kadrlar malakasini oshirish, xususan Shanhay bojxona universiteti bilan hamkorlikni izchillik bilan davom ettirish, bojxona hududida qayta ishlash sohasida Xitoyning ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etish kabi masalalarni atroflicha ko‘rib chiqdi.  

Delegatsiya a’zolari Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi, Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, Targetlash va xavflarni monitoring qilish markazi, Yagona “Call-markazi” hamda Bojxona rasmiylashtiruvi markazida bo‘lib, markaz faoliyati va rasmiylashtiruv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.  

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston va Xitoy davlati o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, aloqalar jadallik bilan faollashmoqda. Yil yakuniga qadar O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritiladigan Xitoy investitsiyalari hajmi 15 mlrd. AQSH dollaridan oshishi kutilmoqda.  

Shu yilning o‘zida mamlakatda 380 ta yangi o‘zbek – xitoy qo‘shma korxonalari ish boshlab, ularning umumiy soni 3,7 mingdan oshdi. O‘zbekiston va Xitoy bojxona xizmatlari o‘rtasida samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikning rivojlanishi esa mazkur ko‘rsatkichlarni yanada rag‘batlantiradi.  

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA