Xabar berganimizdek, Samarqandda II O‘zbekiston iqtisodiy forumi o‘z ishini boshladi. Unda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar mamlakatimizdagi vazirlik va idora rahbarlari ishtirok etdi.
Forumda kutilayotgan natijalar, O‘zbekiston iqtisodiyotidagi so‘ngi o‘zgarishlar to‘g‘risida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining katta ilmiy xodimi Odiljon Nazarov bilan suhbatlashdi.
– bugungi forumning asosiy maqsadi – o‘tgan yilgi forumda amalga oshirilgan ishlarning sarhisobini qilish va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish bo‘yicha fikrini o‘rganish, o‘zaro tajriba almashishdan iborat.
Qolaversa, O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini yanada takomillashtirish, ayniqsa dunyoda bo‘layotgan geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib, makro iqtisodiyotni to‘g‘ri olib chiqishdan iborat. Buning natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanish suratlarini saqlab qolish ko‘zda tutilgan.
– Hozirda O‘zbekistonda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning hajmi necha dollarni tashkil etadi?
– Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 2000 dollarni tashkil etadi. 2026 yilgacha bu ko‘rsatkich 2 800 dollarga, 2030 yilgacha 4 ming dollar chiqariladi. Natijada O‘zbekiston daromadi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishni maqsad qilgan.
– Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot o‘sish darajasi qanday bo‘ldi?
– Bugun forumda bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov qayd etganidek, joriy yilning o‘tgan 9 oyida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish surati 5,3 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bir qator jahon mamlakatlaridan tez suratda o‘sayotganini anglatadi.
Iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari qishloq xo‘jaligi bo‘ldi. Bu O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba kuzatilgan. Qishloq xo‘jaligidan tashqari yurtimizda IT sohasi rivojlangan. Shuningdek, Rossiyadan kelgan relokatlar hisobiga bu sohalarning jadal rivojlanishi ham iqtisodiyotning o‘sishiga o‘z hissasini qo‘shdi.
– O‘zbekiston iqtisodiyotida davlatning ulushini kamaytirish bo‘yicha nima ishlar amalga oshirilmoqda va buning samarasi qanday bo‘ldi?
– Hozirgi kunda yurtimizda xususiylashtirish jarayonlariga juda katta e’tibor qaratilgan. Ya’ni davlatning ulushi katta bo‘lgan yirik korxonalarni ketma-ket xususiylashtirish jarayonlari boshlangan. Masalan, o‘tgan yili "Coca-Cola" kompaniyasi xususiylashtirilgan bo‘lsa, bugungi forumda «Farg‘onaazot AJ»ni xususiylashtirish jarayonlari davom etmoqda. Kelgusi yillarda «Navoiazot» AOni ham xususiylashtirish ko‘zda tutilmoqda
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA