Mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash maqsadida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada yurtimizning ko‘rsatkichlari yildan-yilga yuqorilayotgani kuzatilayotir.
O‘zbekiston iqtisodiy murakkablik reytingida o‘z o‘rnini sezilarli darajada yaxshiladi.
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov shu haqda so‘zlab berdi:
– Harvard Growth Lab (Garvard universitetining fanlararo loyihasi) tahlilchilari joriy yilning aprel oyida 2023 yil ma’lumotlarini qo‘shib, iqtisodiy murakkablik atlasini yangiladi hamda dunyoning 133 ta iqtisodiyotini qamrab olgan Iqtisodiy murakkablik indeksi qiymati bo‘yicha mamlakatlar reytingini taqdim etdi.
O‘zbekiston iqtisodiy murakkablik reytingida o‘z o‘rnini sezilarli darajada yaxshilab, so‘nggi 5 yil ichida 25 pog‘onaga ko‘tarildi va 133 mamlakat orasida 80-o‘rinni egalladi.
Reytingda O‘zbekiston 80-o‘rinni, Turkiya 44-o‘rinni, Vetnam 53-o‘rinni, Qozog‘iston 84-o‘rinni (6 pog‘ona pastladi), Rossiya 94-o‘rinni (5 pog‘ona pastladi), Tojikiston 124-o‘rinni (5 pog‘ona ko‘tarildi), Turkmaniston 126-o‘rinni (12 pog‘ona pastladi) egalladi.
Birinchi uchlikka quyidagi davlatlar: 1-o‘rin – Shveysariya, 2-o‘rin – Yaponiya, 3-o‘rin – Singapur kirdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sishni namoyish etib, eksport yiliga o‘rtacha 20,5 foizga oshmoqda. Bu mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi o‘sish sur’atlaridan ancha yuqori hisoblanadi.
Shu bilan birga, xomashyo resurslaridan tashqari tayyor mahsulotlar eksporti yiliga 21,9 foizga o‘sib, o‘rtacha jahon o‘sishidan o‘zib ketdi. 5 yil ichida eksportning o‘sishiga o‘rta darajada qayta ishlangan sanoat tovarlari eng katta hissa qo‘shmoqda. Xususan, ishlab chiqarish murakkab bo‘lgan mahsulotlar orasida transport vositalari (89 foiz), sanoat uskunalari (77 foiz), elektrotexnika (59 foiz) tashkil etib, yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda.
O‘zbekiston o‘zining eksport portfeliga 67 ta yangi mahsulot qo‘shdi va 2,1 milliard dollar daromad keltirdi. Ushbu ko‘rsatkich diversifikatsiya hamda raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha tanlangan strategiya muvaffaqiyatli ekanini tasdiqlaydi. Ushbu mahsulotlar 2023 yilda aholi jon boshiga 59 dollar daromad keltirdi.
Garvard universitetining fanlararo loyihasi o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, O‘zbekiston jahon bozorida raqobatbardosh ustunliklarga ega bo‘lgan 162 turdagi mahsulotga ega. Bu uning global iqtisodiyotdagi salohiyatini yana bir bor namoyon etadi.
Mamlakatimizda 2033 yilgacha iqtisodiy o‘sish prognozlari ishlab chiqilgan. E’tiborlisi, 2033 yilgacha mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘rtacha yillik o‘sishi 5,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu o‘sish sur’atlari bo‘yicha dunyo mamlakatlari ichida ikkinchi o‘rin hisoblanadi.
Jahon iqtisodiyotining keyingi o‘n yillikdagi o‘rtacha o‘sish suratlari prognozi Vetnamda – 3,6 foizni, Tojikistonda – 4 foizni, Qirg‘izistonda – 3,9 foizni, Gruziyada – 3,6 foizni, Qozog‘istonda – 3,6 foizni, Armanistonda – 3,3 foizni, Bangladeshda – 3 foizni, Turkmanistonda – 2,7 foizni, Belarusda – 2,4 foizni, Ozarbayjonda – 2,2 foizni, Rossiyada - 1,1 foizni tashkil etmoqda.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi kabi kam samarali sohalardan elektronika va mashinasozlik kabi yuqori samarali sohalarga resurslarni yo‘naltirish orqali iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan isloh qilish izchil davom ettirilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cNSRANtiRhs" title="O‘zbekiston iqtisodiy murakkablik reytingida o‘z o‘rnini sezilarli darajada yaxshiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Abduraimova, A.Ahmedov (video), O‘zA