Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston iqtisodiy forumi yakunlandi
21:15 / 2021-09-30

30 sentyabr kuni "O‘zbekiston: iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” mavzusidagi xalqaro iqtisodiy forum yakuniga yetdi.

Nufuzli forum ishida qatnashish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, “Goldman Sachs Asset Management” kengashi, “Rothschild&Co” kabi xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlar, yirik banklar va investorlar, konsalting va audit firma va tashkilotlarning 300 yuzdan ortiq yuqori martabali vakillari Toshkentga tashrif buyurdi.

Xalqaro iqtisodiy forumning ikkinchi kuni davlat korxonalari va banklar transformatsiyasi, xususiylashtirish, kapital bozorini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik loyihalari hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik istiqbollari kabi mavzular muhokama qilindi.

[gallery-4120]

Tadbirda xalqaro bozorga chiqayotgan O‘zbekiston korxonalarining taqdimotlari o‘tkazilib, yirik xalqaro moliya muassasalari, investorlar bilan hamkorlik bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.

Jumladan, forumda doirasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Rossiyaning VTB banki o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Mazkur kelishuvga binoan, VTB banki tomonidan Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga investitsiya dasturini moliyalashtirish doirasida 5 yil muddatga 1 milliard AQSH dollari miqdorida kredit ajratiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, “O‘zsanoatqurilishbank” va “ICBC Standard” PLC (Buyuk Britaniya) bankining kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Forum doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan Kanadaning boshqaruv, loyiha va ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro konsalting kompaniyasi – "HATCH" o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnoma mis sanoati klasterini tashkil etish va rivojlantirish konsepsiyasini yaratish, mis mahsulotlari va kon mashinalari ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish maqsadida tuzildi.

Forumda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) Londondagi fond birjasida ro‘yxatdan o‘tgan hamda Gruziyadagi eng yirik moliyaviy tashkilot hisoblangan “TBC Bank Group”ning “TBC Bank Uzbekistan”ga tegishli aksiyalariga ega bo‘lishi bo‘yicha ham hujjat imzolandi. Mazkur investitsiyalar O‘zbekistonda raqamli moliyalashtirishni mustahkamlash, shu bilan birga mamlakatda moliyaviy xizmatlardan foydalanish darajasini ko‘tarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

“TBC Bank Uzbekistan” mamlakatimizdagi ilk raqamli bank bo‘lib, ikkita "aqlli" va yangi avlod filiali, shuningdek, 12 ta viloyat shaharlarida ochilgan 34 ta mijozlarni qo‘llab-quvvatlovchi shoxobchalari orqali faoliyat olib bormoqda.

Forum doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ va xalqaro moliya muassasalari rahbariyati o‘rtasida qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Ma’lumki, "O‘zbekneftgaz" neft va gaz sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar va tizimli transformatsiya jarayonlari doirasida xalqaro darajaga chiqish va moliya institutlarini jalb qilgan holda loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan.

Bu kabi yirik iqtisodiy forumlar xalqaro moliya institutlari, yirik banklar va investorlarning Yangi O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir.

 

S.RAHIMOV,

O‘zA muxbiri