Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston iqtisodiy forumi: Energetika vazirligi tizim rivoji uchun muhim bo‘lgan ustuvor vazifalarni ma’lum qildi
23:37 / 2021-09-30

Energetika sohasida mintaqaviy integratsiya – yagona energetika tizimining o‘ta yuklamali soatlaridagi boshqaruvini markazlashtirgan holda amalga oshirilishiga yordam beradi.

Bu haqda Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxo‘jayev 29-30 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston iqtisodiy forumidagi taqdimoti chog‘ida qayd etdi.

A.Axmedxo‘jayev ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi beshta mamlakatning hamkorligi so‘nggi 5 yil ichida energetika tizimlarining hamkorligi va integratsiyasini mustahkamlash uchun ijobiy turtki bo‘ldi. Bu esa qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish imkonini beradi.

Xususan, O‘zbekiston mamlakat energetika tizimini qo‘shni davlatlar bilan bog‘laydigan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurilishini davom ettirish niyatida.

Mintaqaviy energetik hamkorlik O‘zbekistonning energiya xavfsizligiga erishish va ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bo‘yicha joriy va uzoq muddatli rejalarida o‘z rolini o‘ynaydi. Bunda ishlab chiqarish hajmlari 10 yildan kamroq vaqt ichida ikki barobarga ortishi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi 25 foizgacha o‘sishi rejalashtirilgan.

- Bu ulkan maqsadlarga erishish uchun mamlakat energetika sohasida islohotlar va o‘zgarishlar jarayoni davom etmoqda, - dedi A.Axmedxo‘jayev. Bunda mamlakat rahbariyati tomonidan energetika sohasini isloh qilish jarayoni va O‘zbekiston iste’molchilarini energiya resurslari bilan ta’minlash masalalari nazorat qilinadigan davlat organi – Energetika vazirligini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi bilan boshlandi.

Islohotning navbatdagi bosqichi “O‘zbekenergo” AJ negizida uchta korxona tashkil etildi. Shundan so‘ng, ishlab chiqarish, uzatish va sotish vazifalari alohida aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiy forumida ishtirokchilariga mamlakatimiz Prezidentining energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risidagi qabul qilingan qarorlari va “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta’minlash konsepsiyasi” ni ishlab chiqish haqida ma’lumot berildi. Bu kabi tartibga solish ishlari eng yaxshi xalqaro tajribani hisobga olgan hamda sohaga nufuzli xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda.

Natijada O‘zbekistonda birinchi marta xususiy investorlar uchun DXSH asosida elektr energiyasi ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniyati yaratildi. Eng yaxshi xalqaro tajriba va standartlarga asoslangan loyihalar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish uchun mamlakat rahbariyati Xalqaro moliya korporatsiyasi kabi jahon moliya institutlarini jalb qildi. Unga ko‘ra 1 GVt quyosh energiyasi va 1,5 GVt quvvatdagi an’anaviy stansiyalar uchun tenderlarni texnik qo‘llab-quvvatlandi. Osiyo taraqqiyot banki – 1 GVt quyosh va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan – 1 GVt shamol elektr stansiyalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha tenderlar amalga oshirilmoqda.

Taqdimotda, shuningdek, energetika sohasida kadrlar siyosati ishlab chiqilishiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “ACWA Power” va “Air Products” kompaniyalari birgalikda Shirin energetika kollejida kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirishga, o‘qituvchi va talabalar uchun maxsus o‘quv reja va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishga sarmoya kiritmoqda.

Yaqinda Energetika vazirligi va “Siemens” kompaniyasi o‘rtasida aprel oyida qabul qilingan “Yo‘l xaritasi” doirasida “Siemens” kompaniyasi Toshkent davlat texnika universiteti bilan universitet talabalari uchun malaka oshirish dasturlari to‘g‘risida o‘zaro memorandum imzoladi.

-O‘zbekiston Respublikasi barcha sohalarda xom ashyo eksportidan tayyor mahsulot eksportiga o‘tmoqda. Biz klasterlarni rivojlantirish va gazni qayta ishlashni chuqurlashtirishni maqsad qilganmiz. Yaqinda to‘liq ishga tushadigan GTL loyihasi bunga yaxshi misol bo‘la oladi. Biz, shuningdek, Buxoro viloyatida MTO klasterini rivojlantirish majburiyatini oldik, - dedi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari.

Taqdimotda barqaror energetika sohasida O‘zbekiston yashil energetika tashabbuslarini qanday boshqarishi va ularning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy ish olib borayotgani ta’kidlandi.Xususan, kichik FES loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun energiyani tejaydigan va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish uchun kompensatsiya mexanizmi qabul qilindi. Hozirgi vaqtda Energetika vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirishning yangi yondashuvlari va metodologiyasini ishlab chiqishda davom etmoqda.

 

Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi,  O‘zA