– Yoshligimdan islom huquqi, manbashunoslik, tarix sohasiga qiziqaman, – deydi Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Jahon islom ilmi universiteti (WICE) talabasi Abror Abdullayev. – 2022 yil O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini bitirgach, bilimimni yanada oshirish maqsadida shu ta’lim dargohiga hujjat topshirdim. Bu yerga kelib, O‘zbekiston va Iordaniya xalqlari o‘rtasidagi o‘xshashlikka bevosita guvoh bo‘ldim. Go‘zal tabiat, samimiy odamlar, mehmondo‘stlik, o‘zaro hurmat kishini xursand qiladi. Ayniqsa, chet eldan kelgan talabalarga hurmat boshqacha.
Uch yil avval yurtimizning mashhur allomasi, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning jiyani Ubaydulloh Muhammad Karim o‘g‘li Jalilov men tahsil ola boshlagan universitetda hadis ilmi bo‘yicha fan doktori ilmiy unvoniga sazovor bo‘lganida iftixor hissini tuyganman.

– Joriy yil boshida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Iordaniya Oliy ta’lim vazirligi chet ellik talabalar bilan ishlash bo‘limi mudiri Fodiy Bosim bilan uchrashdi. O‘sha muloqotda O‘zbekiston konsulligi vakili va Musulmonlar idorasi raisining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik, ta’lim sohasida yo‘lga qo‘yilishi reja qilingan tajriba almashinuvi, o‘zbekistonlik talabalarning arab tili va boshqa turli yo‘nalishlarda ta’lim olish masalalari muhokama etildi. Yoshlarga yaratilgan shart-sharoit, malaka oshirish kurslari haqida fikr almashildi. Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari diplomlarini ikki tomonlama tan olinishi bo‘yicha takliflar berildi.
Yaqinda O‘zbekistonning oliy ta’lim va diniy soha vakillaridan iborat yana bir delegatsiya keldi. Bu oxirgi ikki yildagi uchinchi tashrif hisoblanib, qator samarali bitimlar imzolangani bilan ahamiyatlidir.
Ma’lumki, 25-26 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulloh II ibn Al-Husayn mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirdi. Ikki mamlakat diplomatik munosabatlari tarixida Iordaniya Podshohining mamlakatimizga ilk safari sifatida, mazkur voqea o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi, aloqalarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tardi.
So‘nggi yillardagi munosabatlar rivoji jadal o‘sish sur’atiga ega. Tomonlar o‘zaro manfaatli muhim salohiyatga tayangan holda sheriklikni chuqurlashtirish istagini namoyon etmoqda.
Davlatlarimizni islom madaniyati, umumiy tarixiy meros va ko‘p asrlik diniy, madaniy almashinuv an’analari birlashtiradi. O‘zaro ishonch va tushunish muhitini yaratadigan bu holat, ayniqsa, mavjud hamkorlikning gumanitar jihati uchun muhim.
Shu nuqtai nazardan istiqbolli madaniy-gumanitar aloqalar akademik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va talabalar uchun stipendiyalar ajratish, umumiy tarixiy-madaniy merosga bag‘ishlangan festival, ko‘rgazma va konferensiyalar o‘tkazish, islomshunoslik, ilohiyotshunoslik, tarix va arxeologiya sohalaridagi hamkorlik, sog‘liqni saqlash tizimida qo‘shma tibbiy dasturlarni birgalikda amalga oshirish, teletibbiyot sohasida tajriba almashish loyihalarini o‘z ichiga olgan.
Masalan, O‘zbekistonning yaqin tarixi, XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshidagi siyosiy voqealar tegishli davr, manba va mualliflar tomonidan turlicha talqin qilinmoqda. Ayni holat o‘tmishda yaratilgan yozma yodgorliklar, tarixiy hujjat va solnomalarni chuqurroq o‘rganish, tahlil qilish orqali tarixiy adolatni tiklash, manbalar asosida xolis va to‘g‘ri ma’lumot berish zarurligini anglatadi. Bu esa manbashunoslik fanisiz, manbalarga ilmiy yondashuvsiz mumkin emas.
Qisqasi, men bugungi kunda chuqur o‘rganayotgan manbashunoslik fani yurtimiz tarixi to‘g‘risida haqqoniy xulosaga kelish, boshqacha aytganda o‘zligimizni yanada teran anglash, boy va qadimiy madaniyatimizni keng targ‘ib etishga xizmat qiluvchi tarix fanining muhim yo‘nalishidir.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA