Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Iordaniya munosabatlarida yangi davr boshlanmoqda
23:22 / 2025-08-25

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn 25 avgust kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993 yilning fevral oyida o‘rnatilgan. 1994 yilning iyun oyida Toshkentda Iordaniya elchixonasi o‘z faoliyatini boshlagan. Hozirda qarorgohi Ar-Riyozda bo‘lgan O‘zbekiston elchisi bir vaqtning o‘zida Ammanda akkreditatsiyadan o‘tgan.

So‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar yangi sur’atga ega bo‘ldi. Tomonlar o‘zaro manfaatli muhim salohiyatga tayangan holda hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish istagini namoyon etmoqda. Joriy yilda diplomatik pasport egalari uchun viza rejimini bekor qilish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma hamkorlik dasturi imzolangani e’tiborli. Bu qadamlar o‘zaro munosabatlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. 

O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar kabi ko‘p tomonlama formatlardagi ishtiroki O‘zbekiston – Iordaniya munosabatlarini chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha platforma yaratmoqda.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024 yilda qariyb 4,6 million AQSH dollarini tashkil etdi. Joriy yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 4,3 million dollar bo‘lgani savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Mamlakatimiz Iordaniyaga mis, quritilgan meva, yong‘oq va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilmoqda. Iordaniyadan amalga oshirilayotgan import tarkibida esa farmatsevtika, kimyo mahsulotlari, asbob-uskuna va mashinalar salmoqli bo‘lmoqda.

Ikki mamlakat investitsiya, sanoat va savdo vazirlari o‘rtasidagi 2025 yildagi muzokaralar hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi. Tovarlarning mamlakatlarimiz bozorlariga chiqishini soddalashtiradigan imtiyozli savdo bitimini imzolash, tog‘-kon sanoati, jumladan, fosfatlar, mis va boshqa foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatidagi aloqalarni mustahkamlash, farmatsevtika, to‘qimachilik, yengil sanoat va raqamli iqtisodiyot jabhalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim yo‘nalishlar qatoriga kiradi.

Iordaniya Podshohining O‘zbekistonga oliy darajadagi tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini yangi bosqichda davom ettirish uchun imkoniyat yaratishi kutilmoqda. Bu o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lishi shubhasiz.

Samarqand shahri aeroportida Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

Milliy kuy-qo‘shiq va raqslardan iborat tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy obidalari bilan tanishdi.

Davlat rahbarlari avval Shohi Zinda majmuasiga tashrif buyurdilar.

Mazkur ziyoratgoh Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning sahobalaridan biri Qusam ibn Abbos va boshqa arboblarning maqbaralaridan tashkil topgan. Majmuaning tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyati shundaki, u me’morchilik va bezak san’atining bir necha asr davomidagi taraqqiyotini aks ettiradi. Shohi Zinda 2001 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Rasman Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning qizi Fotima va kuyovi Ali ibn Abu Tolibning avlodlari hisoblangan Hoshimiylar sulolasi vakili bo‘lgan Iordaniya Podshohi Qusam ibn Abbos xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.

Amir Temur maqbarasi ziyorati chog‘ida Iordaniya delegatsiyasiga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida so‘zlab berildi. Sohibqironning hayoti va faoliyati, u tuzgan davlat o‘z davrining eng ulkan mamlakati bo‘lgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Davlat rahbarlari Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat Registon majmuasida ham bo‘ldilar. Bu obidalar asrlar davomida ilm-fan markazi bo‘lgan, yuzlab olim va tadqiqotchilarni kamolga yetkazgan. O‘zining mukammal joylashuvi va uyg‘unligi  tufayli Registon haqli ravishda Samarqandning "tashrif qog‘ozi" hisoblanadi.

Tanishuv chog‘ida oliy martabali mehmonga ushbu inshootlarning bunyod etilish tarixi va naqshlarining o‘ziga xos jihatlari, maydonda olib borilgan restavratsiya ishlari haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Samarqand xalqaro turizm markazidagi "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik majmuasini borib ko‘rdi.

Oliy martabali mehmon xalqimizning boy madaniy merosi, hunarmandchilik va amaliy san’atini aks ettiruvchi ko‘rgazmalarni tomosha qildi. Raqs jamoalarining chiqishlari namoyish etildi.

Bu yerda xalqimizning buyuk o‘tmishi ramzlari to‘plangan, tarixiy shaharlarimizdagi diqqatga sazovor joylarning nusxalari barpo etilgan. Milliy an’analarimiz bilan birga do‘st xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks ettirilgan.
Bunday ma’no-mazmun, tarix va bugungi kun uyg‘unligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston – Iordaniya sammitining asosiy tadbirlari, shu jumladan, oliy darajadagi muzokaralar 26 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Ziyodilla JONIBEKOV,

G‘olib HASANOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA maxsus muxbirlari