Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Indoneziya: turizm va ta’limda hamkorlik
10:24 / 2023-05-01

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Indoneziyadagi Gunadarma universiteti rektori, Indoneziya – O‘zbekiston do‘stlik uyushmasi rahbari, O‘zbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi, professor Eko Shri Margiantini qabul qildi.

Uchrashuvda Buxoro viloyati delegatsiyasining Indoneziyaga tashrifi doirasida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarni jadallashtirish, xususan, ta’lim va ziyorat turizmi yo‘nalishida zarur chora-tadbirlarni belgilash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Mehmon o‘z mamlakatidagi 30 dan ortiq universitet bilan O‘zbekistondagi oliy ta’lim dargohlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilishida beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Buxoro davlat universiteti shular jumlasidan. U tufayli ta’lim sohasida talabalar almashinuviga erishildi.  

Masalan, Buxoro davlat universitetida 2019 yildan buyon “Raqamli turizm” qo‘shma magistratura ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan. 2021 yilda ushbu dasturni 8 nafar o‘zbekistonlik va 11 nafar indoneziyalik talaba tamomladi. Natijada ular ikkala universitet diplomiga ega bo‘ldi. Gunadarma universitetidan arxitektura yo‘nalishida tahsil olayotgan 100 nafarga yaqin talaba Buxoroga kelib islom arxitekturasi bo‘yicha o‘z loyihalarini taqdim etdi.  

bugungi kunda Gunadarma universitetida Indoneziyadagi eng tez ishlovchi superkompyuter o‘rnatilgan. Uning imkoniyatlaridan Buxoro davlat universitetida ham foydalanish rejalashtirilmoqda. Xususan, sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilmoqda. Gunadarma universiteti hududida yangi texnopark tashkil qilingan. Ushbu texnoparkda Buxoro davlat universiteti tadqiqotchilari ilmiy stajirovkadan o‘tishlari rejalashtirilgan.

– Pandemiya tufayli O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi aviaqatnovlar to‘xtab qolgan edi, – deydi Eko Shri Margianti. – Uch yillik tanaffusdan so‘ng Uzbekistan Airways 26 apreldan boshlab yana muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Dastlabki reysning birinchi yo‘lovchilaridan bo‘lganimdan xursandman. Bu O‘zbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi sifatidagi faoliyatim uchun ham juda muhim. Chunki, hozir indoneziyaliklarga O‘zbekistonni keng targ‘ib qilish bo‘yicha faol harakatlar olib boryapmiz. Indoneziyalik sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun turizm sohasi kadrlarini va gidlarni tekinga malakasini oshirish harakatidaman. Indoneziyada Buxoroni juda yaxshi bilishadi. Kelgusida yurtimda yashovchi 265 million aholining barchasini O‘zbekistonga, Buxoroga jalb qilish niyatim bor.  

Muloqot davomida turizm sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan va innovatsion loyihalarda oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilarining ishtirokini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. O‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada yaxshilash, ta’lim tizimi va turizmda aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA