O‘zbekiston va Qozog‘iston iqtisodiy - siyosiy munosabatlarda yuksak darajaga erishdi. Endi esa ma’naviyat sohasida, jumladan, ilm- fan yo‘nalishida ham hamkorlik yangi bosqichga yetmoqda.
Masalan, 2024 yilda ikki davlat rahbarlarining qarori bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetining Olmota shahrida filiali tashkil etildi. U Qozog‘iston Milliy agrar tadqiqot universiteti tarkibida faoliyat yurityapti. Hozir bu yerda Qozog‘iston suv xo‘jaligi uchun ixtisoslashgan muhandislar tayyorlanmoqda. Bu aslida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlikning boshlanishi.

– Hozirgi vaqtda 2-kurs talabalari Toshkent shahrida irrigatsiya universitetida amaliyot o‘tamoqda. 1-kurs talabalari esa ta’lim olishda davom etyapti, – deydi Olmota filiali rahbari Abdurahim Berdishev. – Qozog‘iston Respublikasi 2025-2026 o‘quv yili uchun bakalavr ta’limiga 100 o‘rin, magistraturaga 10 ta va doktoranturaga 3 o‘rin grant ajratdi. O‘rta Osiyo mamlakatlarining yoshlari kelib bemalol bu yerda o‘qishlari mumkin.

Toshkentdagi bosh institutning yetuk olim va mutaxassislari Olmota shahridagi filialda maxsus o‘quv kurslari bo‘yicha ta’lim berishga kelishyapti. Hamkorlikda Qozog‘iston gidromelioratsiya muammolarini tadqiq etib, ilmiy maqolalar, darsliklar yaratishmoqda.
– Ikki mamlakat olimlari birlashib, ilmiy maqolalar, monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalari va darsliklar yozishga kirishdilar. Hozirgacha 2 ta monografiya, 4 ta o‘quv qo‘llanma tayyorlab berildi, – deydi Abdurahim Berdishev.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtining Olmotadagi filialida yuqori saviyadagi malakali mutaxassislar tayyorlash uchun barcha zarur texnik sharoitlar yaratilgan. O‘quv jihozlari, zamonaviy vositalar, gidromelioratsiyaning elektron maketlari mavjud bo‘lib, ular talabalar chuqur bilim olishiga ko‘maklashmoqda.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetining Qozog‘istonda filiali ochilishi O‘zbekiston ilmiy salohiyatining eksportiga qo‘shilgan munosib hissadir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-fZytQpanOU" title="O`zbekiston ilmiy salohiyati eksport qilinmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA