Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – ilm-fan va madaniyatlar kesishgan yirik chorraha
17:29 / 2021-03-18

Fransiya nashrlaridan biri “Fransiya musulmonlari” nomli jurnalda ushbu mamlakatning Oliy tadqiqotlar amaliyot maktabi – EPHE doktori, islomshunos olim Karim Ifrakning “O‘zbekiston – ilm-fan va madaniyatlar kesishgan yirik chorraha” nomli maqolasi e’lon qilindi. Maqolada O‘zbekiston mamlakati va tarixi, uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni, dunyoga mashhur shaharlari, ulug‘ allomalari hamda bugungi O‘zbekistondagi rivojlanish jarayonlari haqida so‘z yuritiladi.

Bu haqda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati xabar qilmoqda.  

Karim Ifrak maqolasining avvalida O‘zbekiston haqida umumiy ma’lumot berib, uni o‘quvchilarga tanishtiradi. O‘zbekiston tarixi haqida so‘z yuritar ekan, Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu mamlakat tarixning turli davrlarida Aleksandr Makedonskiy, Arab xalifaligi, mo‘g‘ullar va Temuriylar davlati tarkibiga kirganini ta’kidlagan.  

Olim O‘zbekistonning eng qadimiy shaharlari sanalgan Samarqand, Buxoro va Xiva haqida alohida to‘xtalib o‘tgan. Xususan, Samarqand haqida quyidagilarni yozgan:  

“Tarixiy obidalarga boy Samarqand O‘rta Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biridir. 2001 yilda YUNESKO tomonidan “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” deb e’lon qilindi. 2007 yilda esa shaharning 2750 yillik yubileyi nishonlandi. Samarqand asrlar davomida o‘zining qog‘ozi bilan mashhur bo‘lib kelgan... Hali qog‘oz Andalusiya orqali Yevropaga yetib bormasidan avval Samarqand Islom olamidagi ilk qog‘oz ustaxonasi bilan mazkur soha rivojiga bebaho hissa qo‘shib keldi”.  

Olim O‘zbekistonning hadis ilmi rivojidagi o‘rni haqida so‘zlar ekan, bu borada Buxoro va Termiz shaharlarini alohida e’tirof etadi. “Imom Buxoriy va Imom Termiziylarning ikki asari Islom dinida Qur’oni Karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi hadis ilmi bo‘yicha asosiy manbalar sanaladi.  

Islom olamida Buxoro nomi g‘oyat ko‘p zikr qilinishining yana bir sababi bu yerda Naqshbandiya tariqati paydo bo‘lganidadir. Bu tariqat Hindiston va Turkiyaga yetib borishidan avval O‘rta Osiyoda o‘z nurini taratgan edi. bugungi kunda esa naqshbandiylik O‘rta Sharq, Janubi-sharqiy Osiyo, Shimoliy va Janubiy Afrika, shuningdek, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya va Yangi Zelandiya hamda Rossiya va Xitoyning ba’zi hududlariga qadar yetib borgan”.

Buxoroda kamolga yetgan eng mashhur olimlardan biri Yevropada Avitsenna nomi bilan tanilgan “Shayxurrais” Abu Ali ibn Sinodir. Maqola muallifi bu ulug‘ alloma xususida quyidagilarni yozadi: “Sermahsul ijodkor Ibn Sino tibbiyot, falsafa, ilohiyot, astronomiya, psixologiya, mantiq, matematika, fizika, geografiya, geologiya, alkimyo va she’riyatga oid 450 ta asar yozgan. Uning asari (“al-Qonun fit-tib”) Jerar de Kremon tomonidan lotin tiliga tarjima qilinishi bilan Ibn Sino nomi Yevropada juda mashhur bo‘lib ketdi. XVII asr oxiriga qadar bu asar tibbiyot talabalari uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qilgan. Mazkur ulug‘ olimning ilmiy merosi bugungi kunda ham zamonamiz olimlarini o‘ziga jalb qilmoqda, ularni ilhomlantirmoqda”.

O‘zbekistonning afsonaviy shaharlaridan yana biri Xorazmda joylashgan Xiva shahridir. Bu yerda matematika daholaridan biri Muhammad ibn Muso Xorazmiy dunyoga kelgan. Muallif u haqida quyidagilarni yozadi: “Dunyoga mashhur va taniqli o‘zbek olimi algebra, trigonometriya, mexanika, astronomiya, geografiya, kartografiya va boshqa ko‘plab fanlarga oid bir qator kitoblar yozgan. XII asrda olim asarlarining lotin tiliga tarjima qilinishi G‘arbda ko‘plab ilmlarning rivojlanishiga, xususan, raqamlarning o‘nlik tizimi qabul qilinishiga imkon yaratdi. Agar siz hali ham uni tanimagan bo‘lsangiz, bilib oling, u nolni kashf qilgan buyuk olimdir”.  

Karim Ifrak O‘zbekistonning tarixda bashariyatga taqdim qilgan tuhfalari bilan cheklanib qolmay, mamlakatimizning bugungi kundagi muvaffaqiyatlari haqida ham to‘xtalib o‘tadi. Bu borada quyidagilarni qalamga olgan: “Bugun, O‘zbekiston ulug‘ mutafakkir va allomalar qoldirgan ilmiy-ma’naviy meros ahamiyatini chuqur anglagan holda, ularga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratib kelmoqda.

Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bir qator ilmiy muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bular qatorida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarini sanab o‘tish mumkin. Madaniyatlar va dinlararo muloqotni kuchaytirish orqali turli din va millatlar o‘rtasida hamjihatlik ruhini kuchaytirishga qaratilayotgan e’tibor ayniqsa diqqatga sazovordir.  

Bularning barchasi 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasidagi ustuvor vazifalar hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev insonparvarlik tamoyiliga asoslangan Islom dinining tinchlik, do‘stlik va totuvlik qadriyatlarini keng jamoatchilikka yetkazish va “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasini singdirish vazifasini kun tartibiga kiritgan. Zero, O‘zbekistonning tashabbusi bilan 2018 yil dekabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” to‘g‘risida maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan edi”.