Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston ilk marotaba Osiyo ko‘zi ojizlar uyushmasining navbatdagi assambleyasiga mezbonlik qilmoqda
22:29 / 2023-05-12

So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, xususan, ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan fuqarolarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning izchilligi va tizimliligini ta’minlash, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolar ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitni yanada yaxshilash, ularning jamiyatga moslashuviga ko‘maklashish hamda qo‘llab-quvvatlash eng ustuvor maqsad, vazifamizga aylanib ulgurgan.  

Jumladan, joriy yil 11-12 may kunlari O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati va Adliya vazirligi hamkorligida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida ilk bor Osiyo ko‘zi ojizlar uyushmasining navbatdagi assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.  

Adliya vazirligining "Biz birgamiz!" ijtimoiy loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda jami 21 ta davlatning ko‘zi ojizlar bo‘yicha tashkilotlari vakillaridan iborat 60 nafar xalqaro, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar uyushmasidan 3 nafar mahalliy delegat hamda 30 dan ziyod ekspert ishtirok etdi.  

Suhbat chog‘ida oxirgi olti yil ichida Osiyo ko‘zi ojizlar uyushmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, xususan, nuqsoni bo‘lgan fuqarolar turmush-tarzi, ta’lim olish imkoniyati yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, uyushmaning moliyaviy hisoboti ham muhokama qilindi va tasdiqlandi.  

Yig‘ilishda O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatini himoyalash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida tilga olindi. Masalan, mamlakatdagi muhim siyosiy jarayonlarda jamiyatning barcha qatlami teng huquqli fuqaro sifatida ishtirok etayotgani ta’kidlanib, Konstitutsiya loyihasi matnining brayl alifbosida chop etilganiga e’tibor qaratildi.  

O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 7 iyunda "Nogironlar huquqlari to‘g‘risida"gi Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqidagi qonuni qabul qilingani va uning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.  

– Biz ushbu yirik assambleya yig‘ilishida butun dunyoda ko‘zi ojiz va ko‘rishga qiynaladigan fuqarolar taqdiri, umuman, ularga qiyinchilik tug‘dirayotgan dolzarb masalalar yuzasidan fikr-munozara, kerak bo‘lsa, bahs olib boryapmiz, – dedi Osiyo ko‘zi ojizlar uyushmasi rahbari Santosh Kumar Rungta. – bugungi kunda ta’lim, siyosiy voqeliklardan xabardorlik, ko‘zi ojizlar o‘rtasida muntazam aloqani yo‘lga qo‘yish maqsadida onlayn platformani tatbiq etish ustida ishlayapmiz. Bu borada muhim takliflar ilgari surilmoqda, davlatlar o‘rtasida yaxshi hamkorlik olib borilyapti.  

Anjuman dasturiga muvofiq, Osiyo ko‘zi ojizlar uyushmasining Konstitutsiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish masalasi muhokama qilindi. Delegatsiya vakillari oldida tashkilot tomonidan keyingi yillar uchun "Ish rejasi"ni ishlab chiqish va tasdiqlash masalasi ham turibdi.  

Eng qizig‘i, assambleyada Osiyo ko‘zi ojizlar uyushmasining o‘tgan yillardagi faoliyati bo‘yicha hisoboti, rahbar organlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi.  

Shuningdek, yana bir muhim yo‘nalishga murojaat qilindi: onlayn va raqamli ta’limga o‘tish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va biznesni olib borishda ko‘rish qobiliyati buzilgan shaxslar duch keladigan to‘siqlar, yechimlar va tavsiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.  

Tadbir so‘ngida Jahon va Osiyo ko‘zi ojizlar jamiyatlari bilan manfaatli memorandum va shartnomalar imzolash rejalashtirilgan. Shuningdek, mehmonlar Toshkent va Samarqand shaharlarining diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishadi.  

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA