Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – ikkinchi Vatanim”
12:27 / 2023-10-28

Sargilana Baginanova asli Rossiya Federatsiyasining Saxa (Yoqutiston) Respublikasidan. O‘tgan asrning 80-yillarida u Toshkentdagi oliy o‘quv yurtini tamomlab, yo‘llanma bilan Sardoba tumani kutubxonasida ish faoliyatini boshlagandi. Aslida yo‘llanmaga ko‘ra, o‘z sohasi bo‘yicha ikki yil ishlab, yurtiga qaytish rejasida edi. Lekin u cho‘lliklar bilan qadrdonlashib, tillashib, shu yerda yillar davomida yashadi, mehnat qildi. Keyinchalik tuman hokimligida mas’ul vazifada faoliyatini davom ettirdi. Shu tariqa Sargilana sirdaryolik bo‘lib qoldi.

Mustaqillik yillarining boshlarida – 1992 yili Sargilana ota-onasining qistovi bilan yurtiga qaytdi. Oila qurdi, farzandlar ko‘rdi. Yoshligidan jurnalist bo‘lish orzusidagi Sargilana o‘z maqsadiga yetish yo‘lida ko‘p izlandi. Nihoyat u orzu qilgan jurnalist kasbiga erishdi va hozir shu sohada  faoliyat olib bormoqda. Uning yurtimizga bo‘lgan mehri, bizning ona tilimizga bo‘lgan hurmatini uning har bir gap-so‘zidan ilg‘ash mumkin.  

“Sirdaryo haqiqati” viloyat gazetasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva Sargilana Sirdaryoda ishlagan davrlari haqida maqola yozgan ekan. Mehmonning aytishicha, o‘sha maqola hamon uning ish stoli ustida turarkan.  

Yaqinda S.Baginanova bir guruh yoqutistonlik jurnalistlar bilan O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mehmon yurtimizga tashrifining ilk kunlaridayoq Sardoba tumanidagi qadrdonlari huzuriga shoshildi. Yoshligining eng serzavq, mazmunli damlari kechgan manzillarda bo‘ldi, tug‘ishganlardek bo‘lib qolgan do‘stlari bilan uchrashdi. Mirzaobod tumanida yashovchi hamkasbi, mehnat faxriysi Mavluda Siddiqova xonadonida bo‘lib, u bilan miriqib suhbatlashdi.  

Alisher Navoiy nomli viloyat axborot-kutubxona markazining ma’naviyat xonasida yakutiyalik jurnalist S.Baginanova bilan uchrashuv uyushtirildi.  

–Taqdirim shunday buyuk yurt, tinchliksevar va bag‘ri keng o‘zbek xalqi bilan bog‘langani uchun juda baxtiyorman – deydi Sargilana Baginanova. – Men O‘zbekistonni o‘zimning ikkinchi Vatanim deb bilaman. Men bundan 31 yil avval yurtimga qaytib ketgandim. Bu yerda o‘rganganlarim, orttirgan do‘stlarimni bir kun ham yodimdan chiqarmadim. Hozirgacha o‘zbekcha gapirib, o‘zbek milliy liboslarini kiyib, o‘z millatdoshlarim orasida, men shunday mamlakatda yashadim, hurmat va e’zoz topdim, deb faxrlanib yuraman. Har kuni ertalab, farzandlarim, nabiralarimni o‘zbekona odatga ko‘ra duolar, tilaklar aytib ishga, maktabga kuzataman. Bu zamin men uchun shunday qutlug‘ joy sanaladi. Ikkinchi qizimga o‘zbekning hassos shoirasi, sadoqat kuychisi Zulfiyaxonimning ismini qo‘yganman. U hozir 25 yoshda, o‘z sohasining yaxshi bilimdoni. Bolalarimga, nabiralarimga O‘zbekiston haqida ko‘p gapiraman. O‘tgan yillar davomida yurtingizda, viloyatingizda, jumladan, Sardoba tumanida bo‘lgan katta o‘zgarishlardan ko‘zim quvondi.  

Hozirda u “Kыыm”, ya’ni o‘zbekchada “Uchqun” gazetasida faoliyat olib bormoqda. Gazeta 15 ming nusxada chop etiladi. U yurtiga qaytgach, Yangi O‘zbekistonning bugungi qiyofasi, qadimiy tarixiy obidalari, Sirdaryo viloyatidagi  katta o‘zgarishlar haqida turkum maqolalar yozishni niyat qildi.  

Tadbir so‘nggida jurnalist Sargilana Baginanovaga O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi. Sirdaryolik jurnalistlar o‘zbekona udumga ko‘ra, Sargilanaga atlas, adras matolar va ro‘mollar sovg‘a qilishdi.  

 

Shuhrat Suyarov,  

O‘zA muxbiri