Bu yil O‘zbekiston ikkinchi marta “Viki Yerni sevadi” (Wiki Loves Earth, WLE) xalqaro fotosuratlar tanlovida ishtirok etadi. 2023-yilda mahalliy bosqichda g‘olib deb topilgan fotosuratlar xalqaro bosqich g‘oliblari safiga kirgan edi.
Ushbu an’anaviy tanlov 2013-yildan buyon har yili may-iyun oylarida o‘tkazib kelinadi. “Vikipediya” butunjahon erkin ensiklopediyasidagi maqolalarga va “Vikimedia” jamg‘armasining boshqa loyihalariga suratlar kiritish maqsadida qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar – qo‘riqxonalar, milliy bog‘lar, manzarali maskanlar, landshaftli hududlarda olingan fotosuratlarni yig‘ishga bag‘ishlangan tanlovdir.
Bu tanlovga O‘zbekistonning qatnashishi mamlakatimiz tabiatiga dunyo e’tiborini tortishga va ekologik turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tanlovning respublika bosqichi “Vikisayohat” hamjamiyati hamkorligida, “Wikimedia Foundation“ homiyligida amalga oshirilmoqda.
Bu yil tanlov ikki yo‘nalishda olib boriladi: manzaralar (shuningdek, alohida daraxtlar, agar ular tabiat yodgorligi hisoblansa) va makrotasvirlar (jonivorlar, o‘simliklar, zamburug‘lar).
Mahalliy bosqichda 15 nafargacha g‘olib aniqlanadi. Bunda har bir yo‘nalishda g‘oliblar soni 10 nafardan oshmaydi. Tashkilotchilar mahalliy qatnashchilarni yo‘nalishlarga bo‘lmasdan baholashlari va g‘oliblik uchun kamroq fotosuratlarni tanlashlari mumkin.
Xalqaro hakamlar hay’ati 20 tagacha fotosuratni g‘oliblikka tanlab oladi. Bunda har bir tarmoqdan 10 tadan ko‘p bo‘lmagan suratlar tanlanadi.
O‘zA