Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida yoshlarning barcha jabhadagi huquqlarini ta’minlash kafolatini olmoqda
17:13 / 2023-04-08

BEFARQ EMASMAN

Aytish joizki, yoshlik va taraqqiyot tushunchasi o‘zaro uyg‘un kelganda, jamiyatda mutlaqo yangi qarashlar hamda orzu-umidlar uyg‘onadi. Bugun yurtimizda shunday yangilanish davri kechmoqda. Shu qutlug‘ kunlarda xalqimiz yangilanish davrining mustahkam huquqiy asosini zamon talabiga moslashtirish ostonasida turibdi. Bu – Konstitutsiyamizning yangi tahririni qabul qilish jarayoni.

Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyati haqida so‘z borganida, uning har bir moddasi, yangi hayot ruhi singdirilgan normalari haqida uzoq gapirish mumkin bo‘ladi. Shu asnoda yoshlar siyosatiga doir muhim jihatlar haqida so‘z yuritsak.

Amaldagi Konstitutsiyamizning Oila, bolalar va yoshlar, deb nomlangan bobi yangi modda bilan boyidi. Bu – 79-modda. Unda «Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi», deyilgan.

Bu modda yoshlar hayotini o‘zgartirish uchun nima beradi? Avvalo, ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida yoshlarning barcha jabhadagi huquqlarini ta’minlash kafolatini olmoqda. Birgina mana shu prinsipning o‘zi mamlakat yoshlari hayotini o‘zgartirib yuboruvchi, bugungi va ertangi farovonlik asosini yaratuvchi mexanizm sifatida bo‘y ko‘rsatadi.

Buni uch muhim jihatda ko‘rish mumkin. Birinchidan, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy jabhadagi huquqlari kafolatlanishi jamiyatda o‘zaro mutanosiblik hodisasiga asos bo‘ladi. Masalan, shaxsiy huquqni olaylik. Shaxsiy huquq nima? Bu – yashash va shaxsiy daxlsizlik, erkin harakatlanish, fikr va so‘z, vijdon va e’tiqod erkinligi kabi huquqlardir. Demak, shaxsiy huquqlarning himoya qilinishi jamiyatda mustaqillik, kreativ va ozod fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash imkonini beradi. Bunday yoshlar bilan mamlakat taraqqiyoti ta’minlanishi shubhasiz.

Siyosiy huquq-chi? Siyosiy huquq va erkinliklar insonning mamlakat hayoti va uni boshqarish ishlariga faol jalb etilishiga qaratilgan. Ular inson va jamiyat, fuqaro va jamiyat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun sharoitlar yaratadi. Siyosiy huquqlardan biri sifatida jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini keltirish mumkin. Shu ma’noda yoshlarning siyosiy huquqlari himoyasi kafolatlanishi davlat boshqaruvida yangi mezonlar asosida xalqchil islohotlar tizimini kafolatli davom ettirish imkonini beradi.

Ikkinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlarning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish belgilanmoqda. Bu, o‘z navbatida, «Inson qadri uchun» tamoyili yo‘lida yangi g‘oya va maqsadlarni yoshlik quvvati bilan amalga oshirish uchun keng yo‘l ochadi, imkoniyatlar tug‘diradi.

Uchinchidan, yangi moddada yigit-qizlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratilishi ham ko‘zda tutilmoqdaki, bu ham mamlakatimiz yoshlari uchun tarixiy voqelik sanaladi. Nimasi bilan, degan savol tug‘ilsa, aytish joizki, yosh avlodni ham intellektual, ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib tarbiyalash, ularning sog‘lig‘ini himoya qilish, munosib ish o‘rni va uy-joy bilan ta’minlash kafolati haligacha O‘zbekiston tarixida bo‘lmagan.

E’tibor bersak, yoshlar uchun konstitutsiyaviy daraja yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va g‘oyat uyg‘undir. Masalan, jismoniy sog‘lom odamning intellektual rivojlanish uchun imkoni va xohishi bo‘ladi, intellektual jihatdan rivojlangan kishida esa axloqiy fazilatlar shakllanadi, ma’naviy yuksalish kuzatiladi. Bu uch muhim jihatni sifat qilib olgan yoshlarda esa davlat, jamiyat, ya’ni xalq uchun vijdonan, halol xizmat qilish istagi jo‘sh uradi.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz tom ma’noda yoshlar hayotini o‘zgartirib yuboruvchi mustahkam bosh huquqiy hujjat sifatida takomiliga yetgan bo‘lsa, uning zamirida Yangi O‘zbekistondagi katta bunyodkorliklar bundan keyin ham bardavom bo‘lishini, xalqimiz turmush sharoitini yaxshilash yo‘lidagi islohotlar ortga qaytmas tus olganining konstitutsiyaviy asoslarini ko‘rishimiz mumkin.

Shu bois ham 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida barchani, xususan, yoshlarimizni faol ishtirok etishga, porloq va kafolatli kelajak uchun ovoz berishga chaqirib qolamiz.

Valixan ANASHOV,

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport

universiteti Yakkakurash sport turlari

fakulteti dekani