Sport – bu nafaqat jismoniy kuch, balki iroda va sabr-matonat sinovidir. Bunday sinovlardan sharaf bilan o‘tayotgan yoshlarimiz orasida Nurxon Qurbonova alohida e’tiborga loyiq. U Farg‘ona davlat universiteti sport faoliyati fakulteti talabasi, para yengil atletika bo‘yicha iqtidorli sportchi, mamlakatimizning Paralimpiya terma jamoasi a’zosidir.
Nurxon Qurbonova nayza, disk va yadro uloqtirish sport turlari bo‘yicha mutaxassislashgan. Uning sport maydonidagi muvaffaqiyatlari nafaqat O‘zbekiston, balki jahon arenalarida ham yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.
2020 yilgi Tokio Paralimpiya o‘yinlarida Nurxon kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu uning xalqaro sport maydonlaridagi ilk katta yutug‘i edi. Shundan so‘ng u o‘z ustida yanada ko‘proq ishlab, ulkan natijalarga erishdi.

2023 yil Parij shahrida o‘tkazilgan Para yengil atletika bo‘yicha Jahon chempionatida u nayza uloqtirish va yadro uloqtirish yo‘nalishlarida oltin va bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Shu yili Kobeda (Yaponiya) tashkil etilgan yana bir jahon chempionatida ham u shonli natijalarni qayd etib, ikki turda – nayza va yadro uloqtirishda oltin va bronza medallari bilan taqdirlandi.
2022 yil Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tgan Osiyo Para o‘yinlarida Nurxon Qurbonova o‘zining mahorati va tayyorgarligini yana bir bor namoyon etdi. U bu musobaqada nayza uloqtirishda oltin, yadro uloqtirishda esa kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Nurxon Qurbonovaning eng so‘nggi yutug‘i – 2024 yilgi yozgi Paralimpiya o‘yinlarida qayd etildi. U yadro uloqtirishda 7,75 metr natija bilan bronza medaliga ega chiqdi. E’tiborlisi, u nayza uloqtirishda 21,12 metr natija ko‘rsatib, nafaqat Paralimpiya, balki jahon rekordini ham yangilab, oltin medalni yutib oldi.
Uning bunday yuqori natijalari yurtimizda ham munosib qadrlandi. Nurxon Qurbonovaga “O‘zbekiston iftixori” davlat unvoni berildi.
Nurxon Qurbonova o‘z hayoti va faoliyati bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lmoqda. Uning sabr-toqat va g‘ayrati, yurtimiz bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland ko‘tarishga bo‘lgan intilishi har qanday insonda faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/IaoeeqB7MkQ?si=nu8VnJBRPNta1RLy" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nuriddin Rahmonov,
FarDU axborot xizmati rahbari.
O‘zA