Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston. Ichimlik va sug‘orish suvi: ehtiyoj, imkoniyat va kelajak
19:43 / 2023-08-18

1-qism.

Markaziy Osiyoning eng yirik Amu va Sir daryolari Pomir-Oloy, Tiyon-Shon va Xisor tog‘ tizmalaridan boshlanib, besh mamlakatning vodiy, voha, cho‘l-biyobonidagi ekin maydoniga, bog‘-rog‘iiga, shahar va qishloqlarida istiqomat qilayotgan qariyb 60 million aholiga hayot baxsh etadi, rizq-ro‘z beradi. So‘nggi payt mintaqada diqqatni jalb qiladigan muhim bir voqea sodir bo‘ldi, deyish mumkin. Amudaryodan rosmana foydalanadigan davlatlar bitta ko‘paydi. Bundan buyon Markaziy Osiyoning yirik daryosi suvidan 100 million kishi ichadi.

Qadim-qadimdan lim-lim oqqan ikki daryomiz chor Rossiyasi, keyin sobiq ittifoq davrida, asosan, yakka hokim – “qimmatbaho” sanoat xom ashyosi hisoblangan paxtaga yo‘naltirildi.

Yodimda, Moskva televideniyesining “Vremya” axborot dasturida respublika qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi yutuqlariga bag‘ishlangan  reportajlarimni “Suv hayot demakdir”, “Suv zar – suvchi zargar”, “Suv bor joyda hayot bor”, “Suv to‘xtasa, hayot to‘xtaydi” kabi maqol, matal, iboralar bilan ko‘tarinki ruhda boshlar edim. Bir gal Namangan viloyatida to‘satdan jiddiy talafot yetkazgan suv toshqini to‘g‘risidagi lavhani “Suvning nafaqat hayotbaxsh xususiyati, balki ofat, kulfat keltiradigan jihatlari ham yo‘q emas”, deya boshladim.

O‘sha davrda qordek oppoq, g‘ozdek yengil-u, mehnati toshdek zil-zambil bo‘lgan paxta strategik masala hisoblanib, barcha besh davlat aholisini ishga ommaviy, hatto majburan jalb etish hisobiga suv tekinga yetishtirilib, olib chiqib ketilar edi. Markaziy Osiyo respublikalari Rossiyaning Ivanovo hamda Moskva atrofidagi qator shaharlari, Boltiq bo‘yi hududi yengil va to‘qimachilik sanoatiga tola yetkazib beradigan xom ashyo makoniga aylandi.

O‘zaro murosada, ahil, tabiat bilan chiqishib, hamohang yashab kelayotgan Markaziy Osiyoda 1950-yillardan boshlab mintaqa aholisi turmush tarzida hayot-mamot misol ahamiyatga ega bo‘lgan suv muvozanati buzila boshladi. Sirtdan sobiq ittifoqni “jahon imperializmidan himoya qilish”, aslida sho‘ro tuzumining o‘ziga xos g‘oyaviy, mafkuraviy maqsadlarini amalga oshirish uchun mintaqamizda paxta maydonlari keskin kengaytirildi. Yillik hosil miqdorini misli ko‘rilmagan million-million tonnalarga yetkazish, qurg‘oqchil joylarga kanallar qazib, suv keltirish va yana paxta, paxta, paxta ekish siyosati yuritildi.

Тuркменсkiй kanal как зеркало советского хозяйствоvaния | Евгений Трифонов  | Дзен

1950 yili “xalqlar otasi” Iosif Stalin qarori bilan Pomir tog‘idan Qoraqalpoq cho‘liga qadar cho‘zilgan shahar-qishloqlarga hayot bag‘ishlab kelgan Jayxun bo‘g‘ilib, sahroda qo‘l bilan kavlangan yangi Turkman kanaliga burildi. Shu tariqa Markaziy Osiyodagi eng yirik – Amudaryoning 25 foiz suvi paxta yetishtirish uchun yangi o‘zlashtirilgan qo‘riq va bo‘z yerlarga yo‘naltirildi. Qardosh respublikalarga nisbatan shunday shart qo‘yildi: “Siz paxta bering, go‘sht, sut, sabzavot mahsulotlarini sizga biz yetkazamiz”. Butun qishloq xo‘jaligi siyosati shu ko‘rsatmani bajarishga qaratildi. Afsuski, va’da bajarilmadi.

Караkuмсkiй kanal

Yangi barpo etilgan Turkman kanali oddiy sug‘orish shoxobchasi emas, balki kemalar qatnaydigan, yuk tashiladigan, qaqrab yotgan ming-ming gektar yerga obi hayot yetkazib beradigan misoli bir katta daryo edi. Kanal kavlana boshlangan birinchi kunlardanoq, voqeaga siyosiy tus berilib, “Butunittifoq zarbdor qurilishi!”, - deya e’lon qilindi.

Мост через реku | Фото большого размера | CLIPARTO

Ma’lumki, kema qatnovi uchun daryoning ko‘z ilg‘amas qirg‘og‘i, to‘lib-toshib oqadigan mo‘l-ko‘l suvi bo‘lishi shart. Yuklangan minglab tonna paxta hosilidan kemaning tagi yerga tegib qolmasligi uchun o‘zan chuqur qazilishi lozim. Shunday bo‘ldi ham. Markaziy Osiyoda bunga teng keladigan, suvi limmo-lim boshqa kanal yo‘q edi, hisobi. Qoraqum sahrosidan o‘tgan Turkman kanali Rossiyalik muhandislar tomonidan yuqori talablar darajasida keng va chuqur qilib loyihalashtirildi.

Ulkan miqdordagi suv ilma-teshik to‘r misoli Qoraqum sahrosidan o‘tishi e’tiborga olinsa, qanchadan-qancha suv asrlar mobaynida qaqrab yotgan sahro qumiga singib, yo‘q bo‘lib ketishi, behisob obi hayot katta-kichik ochiq ariq va kanalchalar, hovuz va ko‘llar sathidan havoga bug‘lanib ketganini tushunish qiyin emas. Qayd etish joiz, suv tanqisligi hosilasi bo‘lmish Orol fojeasi, so‘nggi 30-40 yillik suv muammosi mintaqada jiddiylashgandan jiddiylashmoqda.

Mana, oradan 72 yil o‘tib Balx hududida Amudaryodan suv olayotgan Turkman – Qoraqum kanaliga egizak Qo‘shtepa kanali qurila boshlandi. Afg‘oniston kavlayotgan yangi kanal mintaqadagi suv taqchilligini yanada oshirishi aniq, lekin qay tarzda va qanchaligi mutaxassislar tomonidan hali o‘rganib chiqilgani yo‘q. Angliyada chiqadigan “The Economist” jurnali taxminiga ko‘ra, “Iqlim o‘zgarishi tufayli bugun O‘zbekiston 15 foiz suvdan mahrum bo‘lmoqda, yangi kanal qurilishi ortidan yana 10 foiz (15 va yanada ko‘proq, degan xom cho‘t ham yo‘q emas) suv yo‘qotilgan taqdirda ham, kamomad 25 foizni tashkil etishi mumkin”.

Qo‘shtepa kanali loyiha bo‘yicha 300 kilometrga cho‘ziladi, qurilish uch navbatda olib borilishi ko‘zda tutilgan. 108 kilometrlik birinchi navbat shu yilning o‘zida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Qolgan qismini besh yilda barpo qilish mo‘ljallanmoqda.

Afg‘oniston hukumati bosh vaziri Abdul G‘ani Barodar mart oyida qo‘shni davlatlarning suvdan foydalanish huquqi buzilmasligini aytdi. U Amudaryo suvidan foydalanish nuqtai nazaridan Afg‘oniston shimoliy qo‘shnilarga yo‘naltirilgan suv hajmiga da’vo qilmasdan, o‘z huquqlari doirasida qolishini bildirdi. Tan olish kerak, bu Afg‘oniston hukumatining ko‘pchilik tomonidan to‘g‘ri qabul qilinadigan xolisona bayonoti.

Ma’lumki, jahon tajribasi, BMT maxsus hujjatlariga binoan, transchegaraviy daryolar necha davlat chegarasidan o‘tsa, daryo suvidan, o‘zaro kelishilgan kvota asosida, shuncha davlat foydalanish huquqiga ega. Binobarin, o‘tgan asr o‘rtasida boshlangan Qoraqum kanali qurilishi tajribasidan aziyat chekkan qo‘shni davlatlarni tashvishga soladigan alomatlar yana ko‘zga tashlanmoqda. Aholi ko‘payib, suvning har qatrasi tejab-tergab ishlatilayotgan bugungi kunda cho‘l-biyobondan kesib o‘tayotgan ulkan ariq o‘zaniga shu kunning eng muhim sharti bo‘lgan, ayniqsa, suvning tuproqqa singib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan beton yotqizilayotgani yo‘q. Bu Markaziy Osiyo, Afg‘oniston iqlim sharoitida yangi kanalda suvning tuproq, qumga singib ketish darajasi juda yuqori bo‘lishidan dalolat.

Qo‘shni davlatlar orasida eng kam aholiga ega Turkmanistonda, shunga yarasha, drenaj tizimi va kanal maydonlari hajmi ancha kichik. Mutaxassislar hisob-kitobicha, Amudaryo suvi Turkmaniston ehtiyojining 90 foizini qoplaydi. Bugungi kun demografiyasidan va suv tanqisligidan kelib chiqqan holda, bu masala ham o‘zaro kelishuv asosida hal qilinishi lozim, degan fikrga borasan, kishi.

Bir jihatni alohida ta’kidlash kerak: daryoning ikki chetida joylashgan ikki qo‘shni qardosh xalq, do‘st davlat, tili va dini bir ikki millat orasiga nizo solish ikkala va umuman, mintaqa davlatlarining asl strategik maqsadi, niyati, rejasiga mutlaqo yot. Yog‘in kamchil, yozi jazirama mintaqa aholisiga suv havodek zarur ne’mat. O‘zbekiston rahbariyatining, respublika davlat va nodavlat idora va tashkilotlari, xalq faollarining hatti-harakati evaziga qayta tiklangan mustahkam do‘stlik rishtasining qadri, qiymati, tan olish kerak, suvdan ortiq bo‘lsa ortiq-ki, aslo kam emas. Demak, gapning lo‘ndasini aytadigan bo‘lsak, biz bugungidek jiddiy sharoitda ayni murakkab muammoni hal qilish uchun kuch va imkoniyatni birlashtirib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmog‘imiz darkor. Bunga yetarli sabab, taklif va dalil mavjud.

Yaqinda Qozog‘iston Respublikasi parlamenti deputati, Majilisning agrar masalalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Serik Yegizboyev Sibir daryosi suvining bir qismini Qozog‘iston va Markaziy Osiyo respublikalariga yo‘naltirish yuzasidan parlamentga rasmiy murojaat bilan chiqdi.

Ta’kidlash joiz, qariyb 40 yil muqaddam, Qozog‘iston bilan O‘zbekistonning birinchi rahbarlari Dinmuhammad Qo‘nayev bilan Sharof Rashidov boshlagan tashabbusdan keyin, mana, yana bir bor Rossiya ma’muriyati, RF parlamenti deputatlari muhokamasiga rasmiy murojaat yo‘llandi.

Sibir daryolari quyi oqimidagi irmoqlar suvining bir qismini Markaziy Osiyo mintaqasiga burish ko‘zda tutilgan, “Asr loyihasi” sifatida nom chiqargan taklif Sharof otaning bosh maqsadi edi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Shu o‘rinda Buyuk davlat arbobining 100 yilligiga bag‘ishlab chiqarilgan “Men bilgan Sharof aka” kitobimdan parcha keltirmoqchiman. Sharof Rashidov o‘zining “Suv qo‘shig‘i” asarida shunday yozadi: “ ...Axir, Ob (Sibir daryolaridan biri – muallif) daryosi qadimda mutlaqo boshqa tomonga qarab oqqan. Bu daryo o‘z suvini Orol dengizi havzasiga quygan. Biz loyiha jarayoniga aralashmagan holda shuni ta’kidlamoqchi edik-ki, tarixiy o‘zaniga qaytarish uchun Obning quyi qismiga bir yirik to‘g‘on qurish lozim. Shunda suv yangi qurilgan ombordan yuqori kanal bo‘ylab O‘rta Osiyo tomonga qarab oqaveradi.

Masalani butun mintaqa, jumladan O‘zbekiston uchun o‘ta muhim ahamiyatga egaligini chuqur anglagan holda bitilgan, inqilobiy taklif aks etgan dasturiy maqolani Sharof Rashidov o‘ziga nisbatan ham zimdan, ham ochiq qarshilik kuchaygan bir davrda, 1980 yil 150 ming nusxada chop ettirgan edi. Moskvadagi “Xudojestvennaya literatura” nashriyotida chiqarilgan saylanmaning publitsistik maqolalar bo‘limida bayon etilgan bu gaplar tomonlarni muammo bo‘yicha uzil-kesil kelishib olishga chaqirishga, tarixiy haqiqatni tiklashga qaratilgan jiddiy tashabbus edi.

Mana, salkam yarim asrdan keyin endi Qozog‘iston xalqi vakili, parlament deputati, ixtisosligi bo‘yicha ayni soha mutaxassisi yana shu taklif, murojaat bilan Rossiya Davlat Dumasiga chiqdi. Sho‘ro hukumatining “qayta qurish” davrida rozi bo‘lmagan parlament va hukumat, balki, bu gal o‘z davlati manfaatini yodda tutgan holda, qo‘shni xalqlar, MDH safidagi hamkor davlatlar manfaatiga ham qarshi chiqmas, degan umidli xayolga borasan, kishi. Yana kim biladi?!

Maqolani shu yerda to‘xtatsa bo‘lar edi, lekin suvning yana bir xislatini chetlab o‘tolmadim. Ehtimol, keltirmoqchi bo‘lgan misolimni tim qorong‘idagi shamchiroqqa o‘xshatish mumkindir, na iloj? Axir, yaqin-yaqingacha lombillab oqqan, hohlaganimizcha foydalanilgan daryo suvini bugun ingichka yelim quvur orqali o‘tkazib, ekinni tomchilatib sug‘oryapmiz-ku. Boz ustiga, navbatdagi mulohaza o‘z ixtiyorimizdagi imkoniyat xususida. Faqat bu haqda keyinroq...

Irismat Abduxoliqov,

O‘zA siyosiy sharhlovchisi

(Davomi bor)