“Jahon odil sudlovi” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan yuritiladigan Huquq ustuvorligi indeksining 2025 yilgi hisobotida O‘zbekiston 143 ta davlat orasida 81-o‘rinni egallab, o‘tgan yilga nisbatan 2 pog‘onaga yuqoriladi.
Mazkur reyting hukumat vakolatlarini cheklash, korrupsiyani jilovlash, ochiq hukumat, inson huquqlari, himoya va xavfsizlik, qonun nazorati, fuqarolik sudlovi, jinoiy sudlov darajasi kabi ko‘rsatkichlar asosida shakllantiriladi.
Hisobotda O‘zbekiston yil davomida huquq ustuvorligi sohasida eng katta yutuqqa erishgan davlatlar qatorida alohida e’tirof etilgan. Bu esa mamlakatimizda adolatni ta’minlash va huquq-tartibotni mustahkamlash borasidagi tizimli ishlar samarasidir.
Indeks tarkibidagi 8 ta baholash mezonidan 5 tasida mamlakatimiz ko‘rsatkichlari yaxshilangan, 1 tasida esa o‘zgarishsiz qolgan.
Qayd etish joizki, indeksning “tartib va xavfsizlik” mezoni bo‘yicha O‘zbekiston 17-o‘rinni saqlab qolib, MDH davlatlari orasida yetakchi bo‘ldi hamda AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Belgiya va Buyuk Britaniya kabi davlatlarni ortda qoldirdi.
Shu bilan birga, hukumatning ochiqligi hamda asosiy huquqlarni himoya qilish mezonlarida O‘zbekistonga berilgan ballarda pasayish kuzatilib, bu boradagi ishlarni yaxshilash va islohotlarni izchil davom ettirish tavsiya etilgan.
N.Abduraimova, O‘zA