Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston hududidan tashqarida yaratilgan me’moriy yodgorliklar ham tadqiq etiladi
15:36 / 2022-08-08

O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan katta ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, jamiyat jamoasining sa’y-harakati bilan 60 ta kitob-albomning keng jamoatchilikka yetkazilishi munosib e’tiborga loyiq.

Jamiyat yurtimiz madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish kabi ishlar bilan bir qatorda butun dunyo olimlarini bir maqsadga birlashtiradigan an’anaviy kongressni ham tashkil etadi.

Joriy yilning 22-23 iyul kunlari O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining VI kongressi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati a’zosi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Rustam JABBOROV Butunjahon jamiyati faoliyati, ushbu nufuzli xalqaro tadbir sarhisobi va kelgusi rejalar haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Yurtimiz tarixi, ajdodlarimiz qoldirgan merosni o‘rganish va ularni xalqimizga, kelgusi avlodlarga yetkazish xayrli va eng zarur ishlardan, deb o‘ylayman, – dedi R.Jabborov. – Shundan kelib chiqib, Butunjahon jamiyati jamoasi katta mas’uliyatli ishni bajarishni maqsad qilgan. Xabaringiz bor, yaqinda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, caqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati mamlakatimiz madaniy merosini o‘zida jamlagan 60 ta kitob-albomni keng jamoatchilikka taqdim etdi. Kitob-albomning yaratilishi ko‘pchilikka manzur bo‘lgani jamoamizni ushbu yo‘nalishda faol ishlashga da’vat etmoqda.

Shu bilan birga, yaqinda O‘zbekiston madaniy merosini tadqiq etayotgan xorijiy olimlarni bir nuqtaga jamlash, yaqindan muloqot qilish hamda ular safini kengaytirish maqsadida Butunjahon jamiyatining VI kongressi o‘z ishini yakunladi. Unda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan yuzlab olimlar ishtirok etdi. Bunday tadbirlar esa mamlakatimizni jahonga tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z faoliyatining ilk davridan xalqimizning boy madaniy merosini o‘rganish va tadqiq etishga katta e’tibor qaratdi. Biz ham davlat rahbarining ana shu e’tibori va g‘amxo‘rligidan ruhlanib, ish boshlaganmiz.

Bizning asosiy maqsadimiz O‘zbekiston hududida yaratilgan, taqdir taqozosi bilan dunyoning turli nuqtalariga borib qolgan madaniy merosimiz namunalarini o‘rganish, ular haqida ma’lumotlarni jamlashdan iborat. Afsuski, turli muzeylarda ushbu eksponatlar noto‘g‘ri tavsiflanayotgani, ular umuman boshqa mamlakatlar va xalqlar merosi sifatida ko‘rsatilayotgani afsuslanarli holat.

Masalan, Britaniya muzeyida Jaloliddin Manguberdining shaxsiy kosasi saqlanadi. Ammo bu buyum Eron madaniy merosi namunasi sifatida tavsiflangan. Butunjahon jamiyati boshqaruvi a’zolari bu nodir buyum bevosita O‘zbekiston madaniyatiga mansub ekanini muzey rahbariyatiga tushuntirishgan. Bu kabi faktlarni ko‘plab keltirish mumkin...

Joriy yilning 22-23 iyul kunlari Butunjahon jamiyatining VI kongressi o‘tkazildi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: jamiyat faoliyati uchun kongressning ahamiyati qanday? Bunga javob shuki, kongressning ahamiyati juda salmoqli. Ya’nikim, kongressda dunyo olimlari jam bo‘ladi. Tanishuv, muloqot va hamkorlik ishimizning asosini tashkil etadi. Quvonarlisi, O‘zbekiston madaniy merosi dunyo hamjamiyati e’tiborini tortadigan darajada zalvorlidir. Bu esa bizning faoliyatimiz va ulkan rejalar uchun keng yo‘l ochadi.

Bundan avval o‘tkazilgan kongressda Yer yuzining turli nuqtalaridan 300 nafardan ortiq olim va ekspertlar, xorijiy mehmonlar tashrif buyurgan edi. Bu kongress biz uchun sinov maydoni vazifasini o‘tadi. Ko‘plab olimlar bu loyihaga qiziqish bildirdi va uning doimiy ishtirokchisiga aylandi. Yigirmadan ortiq mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirildi. Yuzdan ortiq konferensiyalar va taqdimotlar o‘tkazildi. bugungi kunda ish faoliyati qamrovi, olimlarimiz, hamkorlarimiz safi yanada kengaydi. 

Joriy yilda asosiy e’tibor Markaziy Osiyo mamlakatlarining mushtarak merosini o‘rganishga qaratildi. Shu paytga qadar asosan uzoq xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan madaniy merosimiz yodgorliklariga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, endilikda qo‘shni mamlakatlar muzey va kutubxonalari, to‘plamlaridagi osori-atiqalarni tadqiq etishga kirishilyapti.

Albatta, Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati bir-biriga chambarchas bog‘liq. Qaysi madaniy yodgorlik kimga tegishli ekani ham ba’zida katta bahslarga sabab bo‘ladi. Chunki bu mintaqada o‘z davrida turli tamaddunlar, dinlar, qarashlar tutashgan, o‘nlab imperiyalar hukmronlik qilgan, har biri tariximizda o‘chmas iz qoldirgan. Shu bois biz mintaqadagi madaniy merosni faqat O‘zbekistonga tegishli deb emas, umumiy, mushtarak madaniy yodgorliklar sifatida tadqiq etishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Biz ana shu yo‘nalishda yana o‘nlab kitob-albomlarni yaratishni ko‘zlaganmiz.

Yana bir muhim jihat borki, jamiyat ishida xalqaro hamkorlik muhim rol o‘ynaydi. Yuqorida zikr etganimdek, madaniy merosimiz birgina yurtimizda emas, xorijiy davlatlarning muzeylarida saqlanmoqda. Bu esa bizga ko‘plab davlatlar bilan aloqalarni o‘rnatishga tarixiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Hozirgi kunda Pokiston, Eron, Irlandiya, Daniya, Ozarbayjon olimlari bilan muzokaralar olib borilyapti. Albatta, bu masalalarning barchasi bitta kongress doirasida hal qilinmaydi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, kitob-albomlar soni cheklangan. Shu sababli, har bir kitob-albomning video talqini yaratilmoqda. Kitoblarga ularning mazmunini ifodalovchi filmlar yozilgan disklar ilova qilinadi. Kitobdagi maxsus QR-kodlar orqali eksponatlar haqida zarur video ma’lumotlarni ko‘rish va yuklab olish mumkin.

Shuningdek, Butunjahon jamiyati a’zolari “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasi ustida ham samarali ishlarni olib boryapti. Barchaga ma’lum, moddiy yodgorliklar abadiy emas. Ular vaqt o‘tishi, iqlim sharoitlar va boshqa sabablar tufayli nurab boraveradi. Ammo biz bu yodgorliklar haqida to‘liq ma’lumotlar, jumladan, ular bag‘ridagi tilsimlarni o‘zida joylagan bitiklarni asrab qolishimiz, o‘rganishimiz va keng jamoatchilikka yetkazishimiz zarur. 

O‘zA muxbiri 

Nasiba ZIYODULLAEVA

yozib oldi.