O‘zbekistonda 29 yanvardan boshlab Hindistondan tirik hayvonlar va parrandalar, shuningdek G‘arbiy Bengaliya shtatidan davlat veterinariya nazoratidagi barcha hayvonot mahsulotlari importi vaqtincha to‘xtatildi.
Bu haqida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi xabar bermoqda.
Ushbu qaror Jahon hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkiloti (WOAH) hamda ochiq manbalarda e’lon qilingan ma’lumotlarga asoslangan. Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida Nipah virusi tarqalishi bois murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgan.
Shu bois, Hindistonning barcha hududidan tirik hayvonlar va parrandalar importi to‘xtatildi. G‘arbiy Bengaliya shtatidan davlat veterinariya nazorati ostidagi barcha turdagi tovarlar importi cheklandi (xalqaro tranzitdan tashqari).
Shu bilan birga, Hindistonning barcha hududidan tirik hayvon va parrandalar importi cheklandi.
Ma’lumot uchun, Nipah virusi hayvonlardan odamlarga yuqadi va og‘ir nafas yo‘llari kasalliklari hamda o‘limga olib keluvchi ensefalitni keltirib chiqarishi mumkin.
Epizootik jihatdan xavfsiz hududlardan mahsulotlar olib kirish masalasi davlat veterinariya xizmati tomonidan alohida ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, fuqarolar Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyoda Nipah virusi tarqalishi sharoitida ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirilgan, mutaxassislar virusning O‘zbekistonga kirib kelish ehtimoli juda pastligini ta’kidlagan edi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA