English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Hindiston: Tibbiyot sohasidagi o‘zaro hamkorlik amaliy natijalar bermoqda
17:48 / 2025-12-12

Bugun poytaxtimizda o‘tkazilgan uchrashuv O‘zbekiston va Hindiston davlatlarining tibbiyot sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash chora-tadbirlariga bag‘ishlandi.

Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan  tadbirda ushbu mamlakatdagi “Max Health Care”, “Metro Global Hospitals”, “MOIT International”, “Kishore Tamil City” va “Service Expo Promotion Council” tibbiy muassasalari, BMTTD vakillari hamda mahalliy shifokorlar ishtirok etdi.

Unda Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim, “Max Healthcare” tibbiy muassasasi vitse-prezidenti Sachin Gupta va boshqalar tibbiyot sohasidagi hamkorlik aholi salomatligini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy muassasalar faoliyatini takomillashtirish va mutaxassislar malakasini oshirish hamda tajriba almashishda katta imkoniyat yaratib berishini ta’kidladi.

Aytish joizki, zamonaviy tibbiyot jahon miqyosida yuqori sur’atlar bilan rivojlanib, innovatsion texnologiyalar, ilg‘or diagnostika usullari va yuqori malakali mutaxassislar tajribasi bilan boyib bormoqda. Xalqaro amaliyotda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik, vrachlar almashinuvi, qo‘shma operatsiyalar o‘tkazish, proton terapiyasi va organ transplantatsiyasi kabi murakkab sohalarda tajriba almashish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday hamkorlik tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bilan birga, inson salomatligini ustuvor qiymat sifatida belgilagan holda, sohaga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishda hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Bugun tashkil etilgan tadbir ham ikki mamlakat tibbiyot sohasi vakillarini birlashtirish, hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Ma’lumki, Hindiston dunyo tibbiyotida erishgan yutuqlari, innovatsion yondashuvlari va yuqori malakali mutaxassislari bilan yetakchilik qiladi. 

Smita Pant xonim ta’kidlaganidek, Hindistonning sog‘liqni saqlash tizimi xalqaro miqyosda o‘ziga xos o‘rni va yuqori salohiyati bilan ajralib turadi.

– Sog‘liqni saqlash tizimi arzon, shaffof va hamyonbop bo‘lishi zarur. Dunyoda tibbiy xizmat hanuz to‘liq qamrab olmagan hududlar bor, shuning uchun sog‘liqni saqlash korporativ biznes emas, balki insonparvar xizmat sifatida qaralishi lozim, deb o‘ylayman. Yaxshi tizim kasallikni tez, hamyonbop va insonparvar tarzda aniqlab, davolay olishi lozim. O‘zbekistondagi Hindiston shifoxonalari vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatlar shuni ko‘rsatadiki, ular xalqaro bemorlarga turli mamlakatlarda xizmat ko‘rsatmoqda va ko‘plab tashabbuslarni bepul amalga oshirmoqda. 

Hindiston sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislar malakasi, xizmat sifati va arzonligi bilan tanilgan. Mamlakatda 1,4 million shifokor, minglab malakali hamshiralar faoliyat yuritadi. 1200 dan ortiq shifoxona xalqaro akkreditatsiyaga ega. Kardiologiya, organ transplantatsiyasi, onkologiya, Ayurveda va yoga kabi yo‘nalishlar keng rivojlangan.

Hindistonning tibbiy falsafasi mehr-shafqat va insonparvarlikka tayanadi. Kelgusida O‘zbekiston ehtiyojlariga mos tibbiy ko‘riklar va tezkor safarlar muntazam tashkil etiladi. Ikki mamlakatni bir-biriga xalqlar o‘rtasidagi samimiy rishtalar bog‘lab turadi. Shifokorlar bu yaqinlikni xayrixohlik va hurmat bilan qadrlaydi, –dedi elchi xonim.

“Max Healthcare” tibbiy muassasasi vakili Sachin Gupta o‘z taqdimotida mazkur kasalxonaning imkoniyatlari va xalqaro hamkorlik haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Biz xorijiy mamlakatlar bilan 10 yildan ortiq, O‘zbekiston bilan esa uch yildan buyon hamkorlik qilib kelyapmiz. Bizning tibbiy muassasamiz jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bo‘yicha yetakchilardan hisoblanadi. Bu yil 25 nafar tibbiyot xodimlarimiz O‘zbekistonga kelib, bir qator jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirdi. Umuman olganda, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik har jihatdan samarali bo‘lmoqda. Chunki hind va o‘zbek shifokorlari o‘rtasida tajriba almashish va muolajalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bu borada ko‘rsatilgan ko‘mak uchun elchixona rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman, – dedi Sachin Gupta.

Tadbirda ta’kidlanganidek, tibbiyot sohasidagi bunday hamkorlik natijasida Hindiston tibbiy muassasalarida o‘quvlar va malaka oshirish dasturlari tashkil etilmoqda.

– Joriy yil sentyabr oyida “MOIT International” kasalxonasida 12 kun mobaynida bilim va tajribamni oshirib keldim. Bugungi tadbir ham shunday yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini berdi, – dedi mammolog-onkolog Muattar Mahmudova.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasida galdagi vazifalarni belgilab oldi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA