Jizzax viloyatidagi Zomin erkin iqtisodiy zonasida dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan O‘zbekison – Hindiston qo‘shma korxonasining qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda hindistonlik investor va o‘zbekistnlik hamkorlar, viloyat, tuman hokimliklari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Hindiston davlatining “Avantika” kompaniyasi va O‘zbekistonning “Shifokor-82” oilaviy korxonasi hamkorligida tashkil etilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi QK uchun “Zomin-farm” EIZ hududidan 11,35 gektar yer maydoni ajratildi.
[gallery-11634]
Tadbirda uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ushbu loyihaning birinchi bosqichi uchun umumiy qiymati 15 million AQSH dollarilik investitsiya jalb etilishi ta’kidlandi. Mazkur MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonaning birinchi bosqichi 7 oydan so‘ng qurilib, foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda. MCHJ shaklidagi QK faoliyat boshlashi bilan 500 nafar zominlik yoshlar ishli bo‘ladi. Korxona ikki yildan so‘ng to‘la kuch bilan ishlashi rejalashtirilgan. Buning natijasida jami ming nafar mahalliy yoshlarning bandligi ta’minlanadi.
Yangidan barpo etilishiga kirishilgan qo‘shma korxona xorijda ishlab chiqarilgan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy dastgohlar bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, korxonada 100 xil turdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqariladi.
MCHJ shaklidagi ushbu qo‘shma korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotning eksportga yo‘naltirilgan hajmi 5 million AQSH dollarini tashkil etadi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA