Bugun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Parrandasanoat” uyushmasi va Hindistonning “Avee broiler pvt.ltd” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tomonlar O‘zbekistonda parrandachilik naslchiligini rivojlantirish va mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda bu borada xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga asosiy e’tibor qaratdi.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2024 yil 27 iyundagi “Parrandachilik sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperatsiya tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unga asosan parrandalar naslchiligida go‘sht yo‘nalishi bo‘yicha rivojlangan xorijiy genetik kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazib, tegishli kelishuvlarga erishish va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
[gallery-18755]
Uchrashuv chog‘ida mamlakatimizda chorvachilik sohasi istiqboliga e’tibor, ushbu tarmoq o‘zida ko‘plab yo‘nalishni qamrab olgani qayd etildi. Xususan, parrandachilik ham mazkur tarmoq tarkibida bo‘lib, bugungi kunda uni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari belgilangan.
Muzokara davomida go‘sht yo‘nalishidagi parrandachilikning birinchi tartibli ota-onalarini mamlakatimizda tashkil etish bo‘yicha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va “Parrandasanoat” uyushmasi hamkorligida loyiha ishlab chiqilgani va bu borada qator tashkiliy ishlar amalga oshirilgani yuzasidan ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng “Avee broiler pvt.ltd” kompaniyasi vakillari ham o‘z faoliyati va hamkorlik imkoniyatlari xususida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishda galdagi rejalarni belgilab oldi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA