French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Hindiston o‘rtasida hamkorlik har tomonlama rivojlanmoqda
14:28 / 2026-01-27

Bu haqda Toshkentda 26 yanvar –"Hindistonda Respublika kuni" munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda alohida ta’kidlandi.

Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi tonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda nufuzli mahalliy va xorijiy mehmonlar, diplomatik korpus vakillari, elchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov faxriy mehmon sifatida qatnashdi.  

Tadbirning rasmiy ochilishi Hindiston va O‘zbekiston davlatlari madhiyalari ijrosi bilan boshlandi. Shundan so‘ng janob Shri S.L. Mallik tomonidan Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonimning qutlov nutqi o‘qib eshittirildi. Unda o‘tgan yil davomida hind-o‘zbek munosabatlarida erishilgan asosiy yutuqlar, shuningdek, Hindistonning turli sohalardagi muvaffaqiyatlari qayd etildi.

[gallery-27315]

Hindistonning O‘zbekistondagi vaqtincha ishlar bo‘yicha vakili Shri S.L. Mallikning so‘zlariga ko‘ra,  bu yil Hindiston Respublika kunining 77 yilligi keng nishonlandi. Bu sana davlat Konstitutsiyasi qabul qilingan kun hisoblanadi.  

– Mamlakatimiz 1947 yil 15 avgustda Buyuk Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lgan. Keyinchalik 1950 yil 26 yanvarda esa o‘zining Konstitutsiyasini qabul qilgan va Hindiston rasman respublikaga aylangan. O‘shandan buyon bu kun mamlakatda va xorijda yashayotgan hindlar tomonidan keng bayram qilinadi. Shu fursatdan foydalanib, men Hindiston va O‘zbekiston munosabatlarining rivojlanishi, ayniqsa, oxirgi yildagi yaqin hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqchiman. Hurmatli Premer-ministr Narendra Modi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning do‘stona muloqotlari ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishiga keng yo‘l ochmoqda. Ushbu tashabbuslar Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik va diplomatik aloqalarning mustahkamligini yaqqol ko‘rsatadi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi, –dedi u.

Hind san’ati muxlisi Ulug‘bek Hamroyev ham hind do‘stlarini mazkur bayram bilan qutlash uchun tadbirda ishtirok etganini ta’kidladi.

– Hind do‘stlarimizni "Hindistonda Respublika kuni" bilan tabriklayman. Ikki davlat do‘stligi va madaniy hamkorligi abadiy bo‘lsin. O‘zbekiston va Hindiston xalqlari orasidagi do‘stlik aloqalari har doim rivojlanib, yanada mustahkamlansin, – dedi U.Hamroyev.

Tadbir doirasida madaniy dastur namoyish etildi. Unda o‘zbek va hind kuy-qo‘shiqlar ijrosi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Nasiba Ziyodullayeva,

Oybek Pardayev (surat),

O‘zA