Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Hindiston: gidroenergetika sohasida hamkorlik qiladi
15:54 / 2022-08-16

Qaror va ijro

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati va “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan ikki tomonlama uchrashuvda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov, Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat va boshqalar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar gidroenergetika sohasida ham o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Uchrashuv avvalida jamiyat boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Hindiston mustaqilligining 75 yilligi bayrami bilan ishtirokchilarni samimiy muborakbod etar ekan, keyingi yillarda yurtimizda gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ijrosiga asosiy e’tibor qaratdi.

Jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 dekabrdagi “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Avazbek Zokirovning ma’lumot berishicha, ushbu qarorga asosan xususiy sektor vakillariga, ya’ni tadbirkorlar tomonidan joylarda mikro va kichik GESlarni qurish, ekologik jihatdan toza elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun keng imkoniyatlar hamda zaruriy sharoitlar yaratilmoqda.

– Jamiyat mutaxassislari tomonidan yangi loyiha maydonlari aniqlanmoqda, tadbirkorlarga loyihaning biznes-rejasini ishlab chiqishda, optimal texnik yechimlarni tanlashda, loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda va tavsiyalar berilmoqda. Mazkur import hajmlarini qisqartirish, tadbirkorlarga qulayliklar yaratish va kelajakda o‘zbek brendi ostida gidroagregatlar ishlab chiqarib eksportni yo‘lga qo‘yish maqsadida Yevropa, Xitoy va boshqa chet el mamlakatlari kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda. bugungi kungacha mikro va kichik GES loyihalari uchun gidroagregatlar chet el mamlakatlaridan import qilinib olib kelinar edi. “O‘zbekgidroenergo” AJ va Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum import hajmini qisqartirish va mamlakatimizda kichik va mikro GESlar uchun gidroagregatlar “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida ishlab chiqarilishiga muhim qadamdir. Yurtimizda zavod qurish, gidroagregatlar ishlab chiqarish va bu mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda, – dedi A.Zokirov.

Uchrashuvda qayd etilganidek, gidroagregatlar “O‘zbekgidroenergo” AJning tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” zavodi hamda Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyalari hamkorligida ishlab chiqariladi.

Ahamiyatlisi, mazkur memorandum Hindiston mustaqilligining 75 yilligi bayram tantanasida ikki yirik kompaniyalar o‘rtasida gidroenergetika bo‘yicha ilk va yirik loyiha hisoblanadi.

Uchrashuvda Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalariga yuqori baho berdi. Shu bilan birga, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida gidroenergetika sohasidagi hamkorlikning davomli bo‘lishiga ishonch bildirdi.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchi ham bunday aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugun Hindiston mustaqilligining 75 yilligi nishonlanmoqda. Ushbu bayram tantanalari sizning davlatingizda ham keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda. Bugun biz gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini izloladik. Bu biz uchun yana bir tarixiy sanaga aylandi. O‘zbekiston gidroenergetika rivoji uchun qulay hudud. Masalan, gidroagregatlardan foydalangan holda suvning yuzidan 100 kilovatt miqdorda elektr energiya olishimiz mumkin. Bu bir qatorda ham vaqtni tejaydi, ham arzon yo‘l bilan energiya olish demakdir. Ushbu memorandum asosida Toshkent shahrida juda ko‘p korxonalarni ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirdik.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA