Olimlar hukumatga havoni tozalaydigan texnologik yechimni taklif etmoqda. Ularning ta’kidlashicha, bu amalda ishlaydigan, sinovdan o‘tgan, iqtisodiy jihatdan foyda keltiradigan va ekologik inqirozga qarshi real vosita hisoblanadi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi, shuningdek, “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni doirasida Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan ekologiya, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida chuqurlashtirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu izlanishlar nafaqat mavjud muammolarni ilmiy asosda tahlil qilish, balki zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar asosida samarali yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan.

Xususan, O‘zR FA Materialshunoslik instituti olimlari issiqxonalarni hech qanday yoqilg‘i ishlatmasdan va havoga chiqindisiz isitishga imkon beruvchi texnologiyani taqdim etdi.
Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish sektori, shu jumladan qozonxonalar, issiqlik elektr stansiyalari va issiqxonalar havoga chiqariladigan PM2,5 chiqindilarining taxminan 28 foizini hosil qiladi. Ba’zi ob’ektlar esa hanuzgacha mazut va ko‘mirdan foydalanmoqda. Misol uchun, 2019 yilda 3,9 million tonna ko‘mir ishlatilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 11,5 million tonnaga yetgan. Mazut ishlatish esa 446 ming tonnadan 749 ming tonnaga o‘sgan.

Shu bilan birgalikda, Materialshunoslik instituti birinchi marotaba issiqxona plyonkalariga mo‘ljallangan nanokompozit zarrachalarini yaratdi, ular quyosh nurini “aqlli” issiqlikka aylantiradi va issiqxona ichidagi haroratni avtomatik ravishda tartibga solishga yordam beradi. Ushbu zarrachalar kuchli ultrabinafsha nurini so‘rib, uni yumshoq infraqizil nurga aylantiradi, bu esa tuproq va havoni samarali isitadi.
Xo‘sh, uning amaliyotdagi samarasi qanday?
Olimlar tomonidan haqiqiy issiqxonalarda o‘tkazilgan sinovlar shuni ko‘rsatadiki, tashqi harorat –3, –7 °C bo‘lsa ham, yangi plyonkali issiqxonada ichki harorat barqaror +5, +7° ni tashkil qiladi (oddiy plyonkalar bilan esa faqat 0, +2 °C).

Qishda bu qo‘shimcha isitishsiz yoki minimal isitish bilan ishlash imkonini beradi. Yozda esa aksincha, issiqxona ichidagi harorat 6–9 °C ga tushadi, bu o‘simliklarni ortiqcha qizib ketishdan himoya qiladi va stressni kamaytiradi. Kuchaytirilgan infraqizil nur oqimi hisobiga fotosintez tezlashadi va o‘simliklar 1,5–2 baravar tezroq o‘sadi. Sinov natijalariga ko‘ra, isitish uchun energiya sarfi (gaz, ko‘mir, mazut va boshqalar) 60–80 foizdan ortiq kamayadi. Shuning barobarida, issiqxona xo‘jaligida yoqilg‘i yoqilishidan chiqadigan ifloslantiruvchi gazlar umuman bo‘lmaydi. Hosildorlik 35–50 foizga ortadi. Sug‘orish suvi sarfi 30 foizga, gidrogellar ishlatilganda esa 90 foizgacha kamayadi. Plyonkalar mustahkamligi taxminan 3 baravarga oshadi, bu esa plastik chiqindilar miqdorini kamaytiradi.
Ekologik toza issiqxonalar oziq-ovqat xavfsizligi va toza havo garovi hamdir
Bu yerda issiqxonalar uchun “yashil issiqlik” haqida gap ketmoqda: energiya esa quvur yoki tutun trubasidan emas, balki quyoshdan olinadi.
– O‘zbekiston hukumati issiqxonalarni toza energiya manbalariga o‘tkazish va chiqindilarni qisqartirish bo‘yicha muhim choralar ko‘rayotgan bir paytda Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan yaratilgan ushbu texnologiya mamlakatning nafaqat chang va tutun oqibatlariga qarshi kurashadi, balki ekologik innovatsion agrar texnologiyalar sohasida dunyoga o‘zining ilg‘or yechimlarini taklif qila oladi, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Sirojiddin Mirzayev.

Sirojiddin Mirzayevga ko‘ra, bunday nanokompozit plyonkalar issiqxona xo‘jaliklariga gaz va ko‘mir yetkazib berishga bog‘liqlikni keskin kamaytirish imkonini beradi. Energiya tizimiga yukni kamaytirish, “zararli” issiqlikdan voz kechish hisobiga poytaxt va viloyatlarda havo sifatini yaxshilashga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam beradi.
– Ushbu ishlanma mamlakatimiz uchun “toza issiqxonalar” sohasida texnologik yetakchilardan biri bo‘lish, oziq-ovqat xavfsizligi, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash va atmosferaga chiqindilarni real kamaytirish imkonini beradi, – deydi S.Mirzayev.
Bugungi kunda Toshkent va yirik shaharlarda havo sifati juda yomon. Ilmiy tadqiqotlar, davlat dasturlari va Prezident farmoni bu masalada kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsiya esa hukumat uchun tayyor yechim bo‘lishi mumkin. Har holda uning samarasi isbotlangan, raqamlar aniq, texnologiyaning ekologik va iqtisodiy foydasi mutlaq ravshan. Havo sifati yomonlashgandan yomonlashib borayotgan bir paytda esa har qanday samarasi isbotlangan yechimni sinab ko‘rish vaqtdan yutishda ham maqsadga muvofiqdir.
Afsuski, O‘zbekiston dunyoda havosi eng ifloslanib borayotgan mamlakatlar qatoriga kirib bo‘ldi. Ammo bu vaziyatni yaxshilash imkoniyatlari bor va buning uchun kerakli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Fanlar akademiyasining uzoq yillik tajribaga ega professor olimlarining ishlanmasi esa hozirgi vaziyatda samarali yechim bo‘lishi mumkin. Havoning ifloslanishi bilan bog‘liq shunday keskin vaziyatda olimlarimizning ishonch bilan tavsiya etayotgan ushbu ishlanmasini sinab ko‘rishning ayni paytidir, ehtimol.
M.Eshmirzayeva, O‘zA