Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston havo transportida yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi
11:07 / 2026-02-05

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aviatsiya sohasini rivojlantirish, yangi yo‘nalishlarni ochish va xizmat sifatini yaxshilashga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, havo transportidan foydalanuvchi yo‘lovchilar sonining izchil o‘sishi bu sohada amalga oshirilayotgan ishlar qanchalik muhim ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 2025 yil davomida O‘zbekistonda havo transporti orqali qariyb 9,7 million nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda deyarli 3,7 million nafarga ko‘pdir.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga asoslanganda, ushbu davrda havo transportida bir kunda o‘rtacha 26,4 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan. Bu esa aviatsiya xizmatlariga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar bu o‘sishni yangi xalqaro va ichki reyslarning yo‘lga qo‘yilishi, aviachiptalar narxining nisbatan maqbullashishi, shuningdek, aeroport infratuzilmasining modernizatsiya qilinishi bilan izohlamoqda.

Yo‘lovchilar oqimining oshishi nafaqat transport sohasi, balki turizm, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kelgusida aviatsiya sohasidagi islohotlar yanada kengayib, mamlakatning xalqaro havo qatnovidagi mavqei mustahkamlanishi kutilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA