Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston harbiylari Koreyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqada uchinchi marotaba mutlaq g‘olib bo‘ldi
10:58 / 2025-09-27

Joriy yilning 21-26 sentyabr kunlari Koreya Respublikasining Kongvando provinsiyasi Inje shahridagi Quruqlik qo‘shinlari ilmiylashtirilgan mashg‘ulot markazida uchinchi marta xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Koreya, O‘zbekiston, AQSH, Yangi Zelandiya, Kambodja davlatlari hamda NATO qo‘shma guruhidan jami 16 ta jamoa va 500 ga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etdi.  

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma’lum qilinishicha, musobaqada dastlab har bir jamoa operativ rejani ishlab chiqish va milliy kelishuv bo‘yicha majburiyatlarni bajarish hamda bo‘linmalarning qo‘shma operatsiyalari uchun zarur bo‘ladigan ko‘nikma va tajriba oshirishga muvaffaq bo‘ldi.  

Shundan so‘ng har bir jamoa qur’a tashlash orqali bellashuvga kirishdi. Musobaqa shartlariga ko‘ra, jamoalar turli jangovar simulyatsiyalar hamda ilmiylashtirilgan mashg‘ulot dasturlaridan foydalangan holda tog‘oldi, o‘rmon va shahar sharoitida 12 bosqichdagi shartli janglarni olib bordi.  

Baholash jarayonida ishtirokchi guruhlarning shartlarni to‘liq bajarishi, jangovar harakatlar qoidalariga rioya qilingani, hujum va mudofaada shartli dushmanni yakson etish va omon qolish darajasi, shuningdek, jangovar harakatlar taktik vaziyatga mos kelishini har tomonlama tahlil qilish va xabardor qilish natijalari inobatga olindi.  

Quvonarli jihati shundaki, mazkur musobaqada harbiylarimiz shartli dushmanning zaxira va asosiy qo‘mondonlik punktini qo‘lga olishga 21 daqiqa (shu vaqtgacha eng yaxshi natija 33 daqiqa), mudofaada turib shartli dushmanni yakson etishga 25 daqiqa (shu vaqtgacha eng yaxshi natija 29 daqiqa) sarflab, musobaqa rekordlarini yangiladi.  

Shuningdek, shartli dushmanni yakson etish shartida III darajali serjant Bekzod Nodirov eng yuqori natijani qayd etib, “Eng yaxshi o‘qchi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. 

Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi joriy yilda ham mazkur xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasida eng yuqori natijani qayd etib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan ikki yil davomida o‘tkazilgan musobaqada ham o‘zbekistonlik harbiylardan iborat jamoa peshqadamlikni qo‘ldan boy bermagan edi.  

O‘zA