Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston haqida nimalarni bilasiz?
21:59 / 2021-04-06

AQSHning nufuzli nashrlaridan biri «The New York Times» gazetasi 29 mart kuni «Hafta mamlakati» turkumidagi maqolalar doirasida O‘zbekiston haqida interfaol viktorinani chop etdi. U o‘quvchilarning yurtimiz haqidagi bilimini oshirishga qaratilgan.

«O‘zbekiston haqida nimalarni bilasiz?» deb nomlangan maqolada mualliflar O‘zbekiston tarixi, jug‘rofiyasi, iqtisodiyoti va ekologiyasi to‘g‘risida o‘quvchilarga 4 ta savol bilan murojaat qiladi. Xususan, «The New York Times» veb-saytiga tashrif buyuruvchilar chorrahasi O‘zbekiston bo‘lgan 2000 yillik qadimiy savdo yo‘lining nomini topishlari kerak.

Ushbu savolga javob bera turib, o‘quvchilar yurtimiz Rim va Xitoy imperiyasini birlashtirgan «Ipak yo‘li» markazi bo‘lganini bilib oladi. Mazkur yo‘l madaniyatlararo muloqot ramzi bo‘lib, (ixtiro ahamiyati jihatidan kompyuterga teng bo‘lgan) xitoy qog‘ozi shu yo‘l orqali G‘arbga, o‘rta asrlar Yevropasiga yetib borgan.

Jug‘rofiyaga oid keyingi savol O‘zbekiston poytaxti haqida. Unda qayd etilishicha, Toshkent nafaqat qadimiy islom me’morligiga oid, balki sobiq ittifoq davrida qurilgan arxitekturaviy jihatdan noyob ko‘plab ob’ektlarga ega. Xususan, 1977 yilda ochilgan Toshkent metropoliteni Markaziy Osiyodagi ikkita yerosti transport tizimidan biri ekani yozilgan. Bekatlarining aksariyati naqshlar va qandillar bilan bezatilgan bo‘lib, ularda O‘zbekistonning madaniyati va tarixi, sanoati, qishloq xo‘jaligi elementlarigacha bo‘lgan turli mavzular mozaikalarda aks ettirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida sayyohlar bugun Toshkent metropoliteni stansiyalarida nafaqat me’morlar san’atidan bahramand bo‘lishi, balki bekatlarni suratga olishi ham mumkinligi maqolada alohida qayd etilgan.

Viktorinada O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida ham savol keladi. Masalan, mualliflar qayd etishicha, bugungi kunda O‘zbekiston hukumati paxta maydonlarida majburiy mehnatga qarshi kurash olib bormoqda. Ilgari terim vaqtida qariyb 1 million kishi bu ishga jalb qilingani aytiladi.

Viktorina yakunida mualliflar Orol fojiasiga e’tibor qaratgan. Ushbu dengizning qurishi sobiq SSSR paytida N.Xrushchevning Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish haqidagi qaroridan so‘ng boshlangani qayd etiladi. Amudaryo va Sirdaryo daryolari g‘alla va paxta dalalarini sug‘orish uchun kanallarga yo‘naltirilgan. Ayni damda iqlim o‘zgarishi mintaqada suv tanqisligi muammosini yanada kuchaytirgan.

Maqolada qayd etilishicha, antropogen falokat tufayli Mo‘ynoq porti bugungi kunda ushbu hududning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylangan. Ko‘pchilik sayyohlar bu yerga kemalar qabristonini ko‘rish uchun keladi. Bir paytlar qirg‘oqlarini to‘lqinlar yuvgan Mo‘ynoqda hozir dinozavr suyaklari kabi zang bosgan va tashlandiq trauler va kemalar yotibdi.

Shu bilan birga, bu yerga kelganlar keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari tufayli yangilangan Mo‘ynoqni ko‘rishlari mumkin.