Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston hamkor davlatlar bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda
16:36 / 2024-05-22

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim 17-19 may kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Ushu tashrif davomidagi muzokaralarda O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Malayziya Parlamenti Senati raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Moxamad ushbu davlat Bosh vaziri Anvar Ibrohimning O‘zbekistonga buyurgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Ushbu tarixiy tashrif natijalarini yuqori baholayman. Menimcha, bu global siyosatda, ayniqsa, islom dunyosida tobora faol rol o‘ynayotgan qardosh davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlaydi, – deydi Nur Jazlan Moxamad. – Oliy darajadagi muzokaralarning do‘stona muhiti O‘zbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vazirining hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish istagini namoyish etadi.

Ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bob bizning ko‘z o‘ngimizda yozilmoqda. Ikki mamlakat yetakchilari halol sanoat, bank-moliya va oziq-ovqat sanoati bilan bir qatorda sheriklikning bir qator yangi istiqbolli yo‘nalishlarini, xususan, raqamlashtirish, «yashil» energiya, sun’iy intellektni e’lon qilgani quvonarli.

Ishonchim komilki, Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Malayziya biznes-forumi yakunlari iqtisodiyotga alohida e’tibor qaratgan holda munosabatlar dinamikasiga kuchli turtki beradi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy faol parlament diplomatiyasi tajribasiga tayanib aytishim mumkinki, Malayziya Parlamenti Senati ikki tomonlama munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga hissa qo‘shishga tayyor.

Joriy yilning iyun oyida respublika parlamentining har ikki palatasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga shaxsan tashrif buyurishni rejalashtiryapman.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston – Malayziya» parlamentlararo do‘stlik guruhining navbatdagi uchrashuvi, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining Kuala-Lumpurga tashrifi kun tartibimizdan o‘rin olgan.

Ikki mamlakat hukumatlari tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi chegaralarini izlashga alohida e’tibor qaratishlariga ishonchim komil.

O‘zA muxbiri

Marhabo MADAMINOVA yozib oldi.